Gʻazodagi shifoxonaga zarba: besh jurnalist oʻldirildi
2023 yil oktabrdan buyon Gʻazoda 200 ga yaqin jurnalist halok boʻldi. Ayrimlar Isroil gumanitar inqirozni yashirish uchun jurnalistlarni ataylab nishonga olayotganini aytmoqda.

Gʻazo janubidagi Xon-Yunis shahridagi Nosir shifoxonasiga havo hujumi oqibatida kamida 20 kishi halok boʻldi. Halok boʻlganlar orasida jahonning yetakchi agentliklarida ishlovchi besh jurnalist bor, deb xabar beradi BBC.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktorining aytishicha, toʻrt nafar tibbiyot xodimi ham halok boʻlgan. Voqea joyidan olingan kadrlarda ikkinchi portlash sodir boʻlishidan avval qutqaruvchilar birinchi zarbadan jabrlanganlarga yordam berishga shoshilishayotganini koʻrish mumkin.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu voqeani “fojiali baxtsiz hodisa” deb taʼriflab, harbiylar “toʻliq tergov olib borayotganini” aytdi.
2023 yil oktabr oyida boshlangan urushdan buyon Gʻazoda 200 ga yaqin jurnalist halok boʻldi. Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi bu toʻqnashuv jurnalistlar uchun hozirgacha qayd etilgan eng qonli mojaro boʻlganini aytadi.
Ular kim edi?
Reuters agentligi birinchi zarba paytida jonli efir olib borayotgan operatori Husam al-Masriy halok boʻlganini tasdiqladi.
Agentlikning ikkinchi muxbiri, fotograf Xatem Xolid jarohat oldi. AP xabariga koʻra, 33 yoshli mustaqil muxbir Mariam Dagga ham oʻldirilgan.
Boshqa qurbonlar orasida Al-Jazira muxbiri Muhammad Salama,Middle East Ee frilanseri Ahmad Abu Aziz va fotograf Moaz Abu Taha ham bor.
Reuters agentligi Abu Taha bir nechta shoxobchalar bilan ishlaganligini aytdi, ammo NBC uning tarmogʻiga aloqasi yoʻqligini aniqladi.
Xalqaro reaksiya
Buyuk Britaniyada joylashgan Falastinliklarga tibbiy yordam xayriya tashkiloti xodimi Hodil Abu Zaid keskin fikr bildirdi.
"Oʻlganlar va yaralanganlar hamma joyga sochilib ketgandi", dedi u va oqibatlarini "chidab boʻlmas" deb atadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish qotilliklarni qoralab, tibbiyot xodimlari va jurnalistlar “oʻta xavf-xatarga” duch kelganini taʼkidlab, xolis tergov oʻtkazish hamda doimiy oʻt ochishni toʻxtatishni talab qilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochqinlar boʻyicha agentligi rahbari Filipp Lazzarinining aytishicha, hujum Gʻazodagi gumanitar inqiroz kuchayib borayotgani haqida xabar bergan "soʻnggi ovozlarni oʻchirdi".
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi hodisadan "dahshatga tushganini" aytdi, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa buni "chidab boʻlmas" deb taʼrifladi.
Gʻazo Sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, oʻtgan kun ichida Isroil hujumlarida halok boʻlgan 58 kishining jasadi shifoxonalarga yetib kelgan, yana koʻplari vayronalar ostida qolib ketgan. Halok boʻlganlarning 28 nafari oziq-ovqat yordamini yigʻishga urinayotganda oʻldirilgani aytilmoqda.
Gʻazo sogʻliqni saqlash idoralariga koʻra, Isroil zarbalari sabab hozirga qadar 62 700 dan ortiq falastinlikni oʻlgan boʻlishi mumkin.