platina.uz
Jamiyat

Xorijda oʻqigan oʻzbek bolalarini Oʻzbekiston maktablariga qabul qilish tartibi oʻzgaradi

Oʻqishni koʻchirmoqchi boʻlgan oʻquvchidan talab etiladigan hujjatlar toʻplami eʼlon qilindi. Ariza uch ish kunida koʻriladi. 

Xorijda oʻqigan oʻzbek bolalarini Oʻzbekiston maktablariga qabul qilish tartibi oʻzgaradi

Xorijda oʻqigan oʻzbek bolalarini oʻzbek maktabiga qabul qilish tartibi oʻzgardi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2025 yil 20 avgustdagi buyrugʻi bilan 2015 yil iyundagi buyruq bilan tasdiqlangan nizomning 5-bobi oʻz kuchini yoʻqotgan.

Bu bob "Xorijiy davlatda taʼlim olgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosini Oʻzbekiston Respublikasidagi maktabga oʻtkazish" deb nomlangan.

Endi nima boʻladi?

Xorijda oʻqigan oʻzbek bola oʻzbek maktabiga yangicha usulda qabul qilinadi. Yaʼni arizachi beruvchi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan borib yoki YaIDXM (yo MMTV) portallari orqali onlayn ariza va hujjatlarni topshiradi.

Bunga asos Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 14 iyuldagi 439-son “Ilk rivojlanish markazlari faoliyatini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroridir.

Mazkur yoʻnalish boʻyicha davlat xizmatlari har yili 1 avgustdan 25 mayga qadar koʻrsatiladi.

Ariza beruvchi tomonidan quyidagi hujjatlar skaner qilinib, “pdf” formatida saqlangan nusxasi ilova qilinadi:

  • oʻquvchining chet elda taʼlim olganini tasdiqlovchi hujjat (davlat nomi, oʻqigan maktabi nomi, oʻqigan yillari, oʻqigan sinflari, oʻrganilgan fanlar va imtihonlarda olingan baholar (ballar) koʻrsatilgan maʼlumot) va uning davlat tiliga notarial tasdiqlangan tarjimasi;
  • 10-11-sinflarga qabul qilinadigan oʻquvchilar uchun xorijiy davlatda tayanch oʻrta taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatning Oʻzbekiston Respublikasida tan olingani toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
  • oʻquvchining chet elda taʼlim olganini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmagan taqdirda, Bolalar masalalari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasining oʻquvchini majburiy taʼlimga jalb qilish boʻyicha qaroridan koʻchirma.

Ariza beruvchi soʻrovnomaga kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, soʻrovnomani tasdiqlaydi.

Soʻrovnoma ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng DXM yoki YaDXP yoxud MMTV portali orqali avtomatik tarzda umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga yuboriladi.

Umumiy oʻrta taʼlim muassasasi soʻrovnomani uch ish kunida koʻrib chiqadi.

Soʻrovnomani koʻrib chiqish natijasiga koʻra umumiy oʻrta taʼlim muassasasi oʻquvchini qabul qilish yoki sababi aniq koʻrsatilgan holda qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida maʼlumotni DXM yoki YaDXP yoxud MMTV portali orqali ariza beruvchiga yuboradi.

Quyidagi hollarda bolani umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga qabul qilish rad etilishi mumkin:

  • soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilganda;
  • 193-bandda koʻrsatilgan hujjatlar ilova qilinmaganda;
  • umumiy oʻrta taʼlim muassasasida (qabul qilinadigan sinfda) boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlmagan taqdirda.

Boshqa holatlarda oʻquvchini umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga qabul qilish rad etilishi mumkin emas.

Ariza beruvchi farzandlarining umumiy oʻrta taʼlim muassasasi qabul qilish yoki sababi koʻrsatilgan qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida maʼlumotni YIDXP yoki MMTV portali orqali avtomatik tarzda tizimdan yuklab oladi.

Davlat xizmatlari markazi maʼlumotnoma kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

Yangi tartib 2025 yil 1 sentabrdan kuchga kiradi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid