"Uzbekistan airports" buyurtmachiligida jami 6,8 mlrd soʻmlik qonunga zid xaridlar aniqlandi
Ushbu mablagʻ bodi-kameralarni yetkazib berish, oʻrnatish va ishga tushirish xizmatini koʻrsatishga sarflanishi kerak boʻlgan.

6,8 mlrd soʻmlik davlat xaridi qonunchilikka zid tarzda oʻtkazilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maʼlum qildi.
Agentlik tomonidan 6,8 mlrd soʻmlik davlat xaridida amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda harakat qilingani aniqlandi.
“Uzbekistan airports” AJ buyurtmachiligida jami 6,8 mlrd. soʻmlik “bodi-kameralarni yetkazib berish, oʻrnatish va ishga tushirish xizmatini koʻrsatish” yuzasidan oʻtkazilgan davlat xaridida qator qonunbuzilish holatlari sodir etilgani maʼlum boʻldi.
Oʻrganish davomida ushbu tanlovda ishtirokchilar uchun tanlov hujjatlarida aks etgan talablar asosida takliflar toʻliq va xolis baholanmagani, shuningdek oʻzaro affillangan shaxslar (yaʼni oʻzaro bogʻliqlik va manfaatdorlik) ishtirok etganganligi va baholash jarayonida qator xatoliklarga yoʻl qoʻyilgani tasdiqlandi.
Qayd etilgan holat yuzasidan Agentlikning taqdimnomasi asosida xarid komissiyasining gʻolibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilinib, noqonuniy davlat xaridining oldi olindi.
Oʻrganish va tahlillar jarayonida toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Davlat xaridlari va qonunbuzilishlari
Avvalroq 11 mlrd soʻmdan oshiq qonunga zid davlat xaridlari aniqlangani xabar berilgandi.
Jumladan, Buxoro tibbiyot institutining 8,6 mlrd soʻmlik buyurtmasida raqobatni sunʼiy ravishda cheklovchi shartlar kiritilgani maʼlum boʻlgan. Ushbu jarayonlarda toʻplangan hujjatlar tegishli organlarga yuborilgan.