platina.uz
Jamiyat

Fargʻonada 2 ta bank mansabdorlarining jinoiy qilmishlari oshkor boʻldi

Yana 3 ta bank prokuratura organlariga kreditlarning maqsadsiz ishlatilishi boʻyicha materiallar umuman taqdim etmagan.

Fargʻonada 2 ta bank mansabdorlarining jinoiy qilmishlari oshkor boʻldi
Fotokollaj: Platina.uz

Fargʻona viloyatidagi banklarning aksilkorrupsiyaviy holatini oʻrganish boʻyicha natijalar tahlil qilingan. Unga koʻra, koʻplab banklarda poraxoʻrlikka qarshi kurashishda ishlar sust ketayotgani bildirilgan.

Misol uchun, “Biznesni rivojlantirish banki” Fargʻona viloyati filiali rahbari A. noqonuniy boylik orttirishga qaratilgan gʻaraz niyatlarini amalga oshirish uchun uyushgan jinoiy guruh tashkil qilgan. U oʻzi boshchiligidagi jinoiy guruhga yangi kredit manbalarini aniqlashga, kredit ajratilishini taʼminlashga, xorijiy davlatlar bilan aloqalar oʻrnatishga, pullarini naqdlashtirishga, jinoiy yoʻl bilan orttirilgan mablagʻlarini taqsimlashga hamda sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga masʼul boʻlgan shaxslarni tayinlagan.

Shu yoʻl bilan uyushgan guruh aʼzolari juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilish, mansabiga sovuqqonlik bilan qarash kabi jinoyatlarni sodir etib, davlat manfaatlariga 113 mlrd soʻm zarar yetkazishgan. Mazkur holat yuzasidan 2024 yilda jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozir sud tomonidan koʻrib chiqilmoqda.

Shuningdek, “Milliy bank” AJ Fargʻona viloyati bosh boshqarmasi chakana amaliyotlar boʻlimi boshligʻi I. va uning qoʻl ostidagi xodimlari tomonidan fuqaro X.ga tegishli “Uzkard” plastik kartasini “XUMO” kartasiga almashtirish jarayonida eski kartadagi 62 mln soʻm pulni “XUMO” plastik kartasiga oʻtkazishgan, biroq eski “Uzkard” kartadan mablagʻlar yechilmagan.

Ushbu imkoniyatdan foydalangan bank xodimlari keyinchalik mazkur pullarni yangidan ochilgan “Uzkard” plastik kartasiga oʻtkazib, oʻzlashtirishgan.

Shu yoʻl bilan bank xodimlari 107 nafar fuqaroga tegishli bank plastik kartalarida shakllantirilgan 606 mln soʻm mablagʻlarni mijozlar xabardorligisiz boshqa plastik kartalarga oʻtkazish yoʻli bilan oʻzlashtirishgan.

Mazkur holatlar yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan, 7 nafar bankir hamda 6 nafar mijoz tergovga jalb etilgan.

Maʼlumot oʻrnida

Oʻtgan yilda bank sohasida oʻtkazilgan tekshirish va tahlillar natijasiga koʻra, viloyatda 34 ta holatda 197 mlrd soʻmlik va joriy yilning oʻtgan davrida 36 ta holatda 62 mlrd soʻmlik byudjet mablagʻlari talon-toroj qilingani yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

Tergov natijalariga koʻra, 32 nafar bank xodimi va boshqaruvchilari, 38 nafar mijoz va boshqa shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Oʻrganishlarda aniqlanishicha, viloyat tijorat banklarida komplayens-nazorat tuzilmalari faoliyat koʻrsatsa-da, joriy yilning oʻtgan davrida “Asakabank”, “Turonbank” va “Aloqabank” hududiy bank xizmatlari markazlari tomonidan prokuratura organlariga kredit mablagʻlarining maqsadsiz ishlatilishi bilan bogʻliq holatlar yuzasidan materiallar umuman taqdim etilmagan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid