Turkmaniston, Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasida bir qator bitimlar imzolandi
Ular orasida logistika, kemasozlik va fuqaro aviatsiyasi sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar ham bor.

Turkmaniston, Ozarbayjon va Oʻzbekiston yetakchilari qoʻshma bayonot eʼlon qildilar.
Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Qoʻshma bayonot qabul qildilar.
Gap nima haqida?
Yetakchilar huzurida transport va logistika, kemasozlik va fuqaro aviatsiyasi sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar, Tovar-xomashyo birjalari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim va boshqa hujjatlar imzolandi.
Prezidentimiz uch mamlakat xalqlari manfaatlari yoʻlida strategik sheriklikni rivojlantirish borasidagi qatʼiy siyosiy irodani yaqqol namoyon etgan uchrashuvning samarali yakunlarini yuksak baholadi.
Muzokaralarda tranzit yoʻlaklarini rivojlantirish, jumladan, Turkmanboshi va Boku portlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, zamonaviy logistika infratuzilmasini birgalikda shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlandi.
Milliy transport tizimlari integratsiyasini chuqurlashtirish maqsadida mintaqadagi mavjud va istiqbolli yoʻnalishlarni oʻzaro bogʻlash rejalari atroflicha muhokama qilindi. Oʻzbekiston bu borada oʻzaro muvofiqlashgan siyosat yuritish tarafdori ekani taʼkidlandi.
Bu, birinchi navbatda, xalqaro bozorlarga chiqishda biznes uchun qulay sharoitlar yaratish va tarif siyosati masalalaridir.
Kaspiy dengizi orqali logistika infratuzilmasi va parom tashuvlarini rivojlantirish loyihalari ustida birgalikda ishlash boʻyicha kelishuvlarga erishildi, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, uch mamlakat oʻrtasida energetika sohasida - uglevodorod konlarini oʻzlashtirish va ishlab chiqarilgan elektr energiyasini eksport qilish boʻyicha hamkorlik imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Tovar ayirboshlash hajmini karrasiga oshirish va sanoat kooperatsiyasi koʻlamini kengaytirish vazifalari muzokaralar kun tartibidan markaziy oʻrin egalladi.
Milliy ishlab chiqaruvchilarning sifatli mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishni ragʻbatlantirish choralari koʻrilishi hamda uch mamlakat hududlarining salohiyatini jalb etgan holda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratilishi taʼkidlandi.
Yetakchilar suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik tahdidlarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, turizm va madaniy almashinuvlar sohasida qoʻshma dastur qabul qilinadi.
Qabul qilingan qaror va hujjatlarni amalga oshirish boʻyicha ishlar vazirlar tomonidan "yoʻl xaritasi" asosida amalga oshiriladi.
Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida ushbu tarixiy uchrashuv uch mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga, barqaror savdo, transport va energetika yoʻlaklarini yaratishga, shuningdek, mintaqaviy integratsiya jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.