Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokaralar oʻtkazdi
Oʻzaro doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokaralar oʻtkazdi.
"Avaza" milliy turizm zonasining Kongress markazida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning yuzma-yuz va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Gap nima haqida?
Suhbat avvalida Turkmaniston yetakchisi davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu yetaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston Prezidenti mamlakat rahbariyati va qardosh turkman xalqini shu oy boshida Avazada BMTning Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan yana bir bor tabrikladi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston-Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzaro manfaatli hamkorlik barcha yoʻnalishlarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollarni tashkil etdi. Fevral oyidan boshlab mamlakatlar oʻrtasida erkin savdo rejimi amal qilmoqda, poytaxtlarda savdo uylari ishlamoqda. Sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xoʻjaligi, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda "Shovot - Toshovuz" savdo zonasini ishga tushirish boʻyicha birgalikdagi ishlar yakunlanmoqda.
Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiyalar va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlari hamda qator madaniy tadbirlarni samarali oʻtkazish muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining boʻlajak yettinchi Maslahat uchrashuvi kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar. Shu maʼnoda, "Ozarbayjon - Turkmaniston - Oʻzbekiston" formatidagi muzokaralar muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Eslatib oʻtamiz, Berdimuhamedov avgust oyi boshida Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning "Hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun" ordenini topshirgandi.