Litsenziyasiz xorijga joʻnatish faoliyatini reklama qilgan blogerlar ishi sudga yuborildi
Bu "ADWORLD GROUP" MChJ faoliyatiga oid reklamalar bilan bogʻliq.

Litsenziyasiz faoliyatni reklama qilgan blogerlarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va sudga yuborildi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan xorijga viza olish va ishga joʻnatish bilan shugʻullanuvchi subʼektlar haqidagi reklama-axborotlar boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazilgan.
Gap nima haqida?
Ijtimoiy tarmoqlardagi @iwash_tashkent sahifasini yurituvchi bloger O.Joʻrayev hamda @abdurahmonmufid sahifasini yurituvchi bloger A.Abduraxmonovlar tomonidan “ADWORLD GROUP” MChJ faoliyatiga oid xorijga ishga yuborish xizmatlari haqida reklama-axborotlarini joylashtirilgan.
Ular fuqarolarga konsalting xizmatlari emas, aynan xorijga ishlash uchun yuborish boʻyicha xizmatlar bilan shugʻullanib kelayotganligi reklama qilinganligi aniqlandi.
Oʻz navbatida, “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Qonunning 13-moddasiga muvofiq, xususiy bandlik agentliklarining Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlari ularda Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya mavjud boʻlgan taqdirda taqdim etilishi belgilangan.
Bunda, tegishli litsenziyasiz xorijda ishga joylashtirish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish taqiqlanadi.
Shuningdek, “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 16-moddasida ishlab chiqarilishi va (yoki) realizatsiya qilinishi uchun tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud boʻlmagan tovarlarni reklama qilish taqiqlangan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda oʻz bloglarini yurituvchi fuqarolar O.Joʻrayev va A.Abduraxmonovlarga nisbatan qonun buzilish holati boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudga yuborildi.
Avvalroq Raqobat qoʻmitasi tomonidan “Uzum Market” MChJ XKga nisbatan insofsiz raqobat holatlarini sodir etgan “YandexGo UB” MChJga tegishli choralar koʻrilgandi.