Alisher Boboyev sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi
Vazirning avvalgi birinchi oʻrinbosari Davron Sultonov va oʻrinbosar Farrux Sharipov prezident videoselektorida ishdan olingandi.

Prezidentning tegishli qaroriga koʻra, Boboyev Alisher Shukrullayevich Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Alisher Boboyev 1996 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlab, ushbu oliy oʻquv yurtining klinik ordinatura yoʻnalishida tahsil olgan.
Mehnat faoliyatini 1998 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutida katta laborant sifatida boshlagan.
Turli yillarda Toshkent farmatsevtika instituti tibbiy biologik fanlar kafedrasi katta laboranti, Toshkent shahar Olmazor tumani koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi, 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi maslahat-diagnostika poliklinikasi hamda Respublika klinik shifoxonasi urologiya boʻlimi singari qator muassasalarda shifokor-urolog, Sogʻliqni saqlash vazirligi kotibiyatida bosh mutaxassis kabi lavozimlarda ishlagan.
II darajali "Salomatlik" ordeni bilan taqdirlangan Alisher Boboyev tayinlovga qadar Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Eslatib oʻtamiz, shu yil may oyida vazirning birinchi oʻrinbosari Davron Sultonov va vazir oʻrinbosari Farrux Sharipov ishdan olingandi.
Ular prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida lavozimidan ozod etilgan.