Prezidentga tajovuz qilishda ayblangan shaxsga hukm oʻqildi
U milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatishda ham aybdor deb topilgan.

Prezidentga tajovuz qilishda ayblangan shaxs 3,1 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Nurafshon shahar sudining hukmi bilan V. D. (1999 yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan) Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatish) 2-qismi va 158-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Unga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda oʻtattirilish belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.
Taʼkidlash kerak, V. D. Tik-tok va Instagram tarmoqlaridagi "Abdulloh" nomi bilan tanilgan va sahifalarida bahsli videolar ulashib kelgan. U 2025 yil aprel oyida Oʻzbekistonga qaytganda huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlangandi.