Prezident amaliy tashrif bilan Turkmanistonga boradi
22 avgust kuni "Ozarbayjon - Turkmaniston - Oʻzbekiston" formatida uch tomonlama sammit boʻlib oʻtadi.

Shavkat Mirziyoyev ertaga Turkmanistonga boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan ushbu mamlakatga boradi.
Gap nima haqida?
Prezident 22 avgust kuni "Ozarbayjon - Turkmaniston - Oʻzbekiston" formatidagi uch tomonlama sammitda ishtirok etadi.
"Avaza" milliy sayyohlik zonasida boʻlib oʻtadigan tadbir kun tartibiga muvofiq, koʻp tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalari koʻrib chiqiladi.
Qator qoʻshma hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan.
Davlat rahbari sammit doirasida ikki tomonlama muzokaralar ham oʻtkazadi.
Eslatib oʻtamiz, bu Prezidentning Turkmanistonga avgust oyidagi ikkinchi tashrifidir.
4-6 avgust kunlari Shavkat Mirziyoyev BMTning Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha koferensiyasida qatnashgandi.