OAV: Shimoliy Koreyaning Xitoy chegarasidagi maxfiy bazasi oshkor boʻldi
Unda AQSh va Sharqiy Osiyo uchun potensial xavf tugʻdiruvchi uzoq masofali raketalar joylashtirilgani aytilmoqda.

OAVda KXDRning sirli harbiy bazasi haqida maʼlumotlar paydo boʻldi.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) Xitoy bilan chegaradan salkam 30 km uzoqlikda Shimoliy Koreyaning maxfiy harbiy bazasini aniqladi. U Sinpunda, Shimoliy Pxenyan provinsiyasida joylashgan.
Bazada AQSh va Sharqiy Osiyo uchun potensial xavf tugʻdiruvchi uzoq masofali raketalar joylashgan, deb yozadi Bloomberg.
The Wall Street Journal ham tadqiqotchilarning hisobotidan iqtibos keltiradi. Markaz maʼlumotlariga koʻra, baza 2004 yilda qurilgan va 10 yildan keyin ish boshlagan.
Inshootda yadroviy kallaklarni olib yurishga qodir qattiq yonilgʻi qitʼalararo ballistik raketalar joylashgan. Bunday raketalar tez uchiriladi, shuning uchun OAV xabarlariga koʻra, hujumni oldindan kuzatish juda qiyin.
Taʼkidlanishicha, 19 avgust kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat yadroviy dasturini tez kengaytirishga chaqirdi. U bu strategiyani AQSh va Janubiy Koreya oʻrtasida qoʻshma harbiy mashgʻulotlar boshlanganidan keyin taqdim etdi.
Shimoliy Koreya va uning raqiblari
Donald Trampning hokimiyatga kelishi, Janubiy Koreyadagi prezident almashinuvi KXDR bilan munosabatlarga taʼsir qilmadi. Tramp oʻzining birinchi muddatida Kim Chen In bilan uch marta uchrashgandi.
Shuningdek, Janubiy Koreya yaqinda chegaradagi targʻibot ovozkuchaytirgichlarini olib tashladi. Ammo Shimol buniyam iliq qabul qilgani yoʻq. Oʻrtadagi munosabatlar tarangligicha qolmoqda. KXDRning Rossiyaga yordam tariqasida Ukraina urushiga askar yuborishi vaziyatni yanada keskinlashtirdi.