Ijtimoiy himoya nega kerak?
Platina Podcast navbatdagi sonida zoʻravonlikka uchragan himoyasiz bolalarni himoya qilish tizimi qanday ishlashi haqida soʻz boradi.

Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarni koʻrib, bolalar taʼlim va tarbiya maskanlarida zoʻravonlik holatlari koʻpayib borayotgandek taassurot uygʻonadi. Bogʻchalardagi oʻlim holatlari, maktablarda oʻquvchilarning xoʻrlanishi va kaltaklanishiga misollar bolalarga nisbatan zoʻravonlik masalasiga kengroq eʼtibor qaratishni talab qilmoqda.
Bu borada qonunchiligimiz qanchalik mukamalligi ham savol ostida. Ayrim muammolarni hal qilishda qoʻllab kelinayotgan yuridik mexanizmlarni takomillashtirish masalasi tobora dolzarblashib bormoqda.
Mazkur sohadagi vaziyatni sogʻlomlashtirish masalalarida Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA) mutasaddi hamda vakolatli idora hisoblanadi. Platina.uz jamoasi bolalarga nisbatan zoʻravonlik muammosiga chuqurroq nazar solish va yuzaga kelgan vaziyatga oydinlik kiritish hamda muammoning sabab va omillarini tahlil etish maqsadida ushbu agentlik mutaxassislari bilan podkast uyushtirdi.
Podkastning ushbu sonida IHMA ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolalar uchun ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Laylo Fayzimurodova hamda Yangiyoʻl shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi Bolalarni ijtimoiy himoya qilish shuʼbasi mudiri Gʻayrat Boysunov bilan bolalar zoʻravonligining oldini olish va uning oqibatlariga qarshi kurash mavzulari muhokama qilindi.