11 mlrd soʻmdan oshiq qonunga zid davlat xaridlari aniqlandi
Buxoro tibbiyot institutining 8,6 mlrd soʻmlik buyurtmasida raqobatni sunʼiy ravishda cheklovchi shartlar kiritilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ikki holatda jami 11 mlrd soʻmdan oshiq qonunga zid davlat xaridlarini aniqladi.
Birinchi holatda davlat buyurtmachisi tomonidan 2,6 mlrd soʻmlik davlat xaridida qonunbuzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.
Gap nima haqida?
“Temiryoʻlinfratuzilma” AJ buyurtmachiligida jami 2,6 mlrd. soʻmlik “taʼmirlash xizmatlari koʻrsatish” yuzasidan oʻtkazilgan davlat xaridida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning qator talablariga zid ravishda oʻzaro affillangan shaxslar ishtirok etgan.
Qayd etilgan holat yuzasidan Agentlikning taqdimnomasi asosida xarid komissiyasining gʻolibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilinib, noqonuniy davlat xaridining oldi olindi.
Oʻrganish va tahlillar jarayonida toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Ikkinchi holat
Shuningdek, 8,6 mlrd soʻmlik davlat xaridida amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda harakat qilingani aniqlandi.
Buxoro tibbiyot instituti buyurtmachiligida boshlangʻich qiymati 8,6 mlrd. soʻmlik “aqlli issiqxona qurish xizmati koʻrsatish” yuzasidan oʻtkazilgan davlat xaridida qator qonunbuzilish holatlari sodir etilgani maʼlum boʻldi.
Oʻrganish davomida ushbu tanlovda ishtirokchilar uchun raqobatni sunʼiy ravishda cheklovchi shartlar kiritilgani, tanlov hujjatlarida aks etgan talablar asosida takliflar toʻliq va xolis baholanmagani, shuningdek, baholash jarayonida qator xatoliklarga yoʻl qoʻyilgani tasdiqlandi.