platina.uz
Iqtisod

Tadbirkorlarga mobil ilova orqali toʻlov uchun universal QR-kod beriladi

Ushbu amaliyot noyabr oyidan ishga tushiriladi. Yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlganlar 1 foizlik soliq toʻlashga oʻtadi. 

Tadbirkorlarga mobil ilova orqali toʻlov uchun universal QR-kod beriladi

Tadbirkorlarga mobil ilova orqali toʻlov uchun universal QR-kod beriladi.

Bu haqda prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvida maʼlum qilindi.

Gap nima haqida?

Mamlakatimizda 40 dan ziyod elektron toʻlov tashkilotlari mavjud boʻlib, aholimiz oʻziga qulay mobil ilovadan foydalanmoqda.

Endi 1 noyabrdan boshlab tadbirkorlar uchun barcha mobil toʻlov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal QR-kod beriladi.

Yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan barcha tadbirkorlar kelasi yil 1 yanvardan bir xil, yaʼni aylanmadan 1 foiz soliq toʻlashga oʻtkaziladi.

Masalan, hozir aylanmasi 100 million soʻmgacha boʻlgan yakka tadbirkor yillik 12 million soʻmgacha qatʼiy soliq oʻrniga koʻpi bilan 1 million soʻm toʻlaydi. Yoki aylanmasi 100 milliondan 1 milliard soʻmgacha boʻlgan tadbirkor aylanmadan ilgari 30-40 million soʻm soliq toʻlagan boʻlsa, endi uning soliq yuki 3-4 karra kamayadi.

“Umuman, yaratilayotgan sharoitlar orqali yakka tadbirkorlar hisobida yiliga 1 trillion soʻm, tasavvur qilayapsizlarmi, 1 trillion soʻm qolayapti. Bu – kichik biznes uchun qoʻshimcha resurs, yakka tadbirkorlar oʻz biznesini keyingi bosqichga olib chiqishi uchun yana bir imkoniyat”, - dedi Prezident.

Poytaxt va viloyat markazlaridagi korxonalarini mehnat resursi, boʻsh yeri koʻp tumanlarga koʻchirmoqchi boʻlgan tekstil sohasidagi tadbirkorlarga 10 milliard soʻmgacha kredit beriladi. Prezident ishchi kuchi koʻp talab qiladigan boshqa tarmoq korxonalari ham bunday tashabbus bilan chiqsa, ularni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini aytdi.

Arzon xomashyo bilan taʼminlash maqsadida 2028 yil 1 yanvargacha aralash mato va gazlamani bojxona bojidan ozod etilmoqda. Lekin bunday muammo sanoatning boshqa sohalarida ham bor.

Jahon banki ekspertlari ham tarif siyosati ishlab chiqarishni ragʻbatlantirishi kerakligini aytmoqda.

Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida barcha sohalardagi tadbirkorlardan bu yoʻnalishda 130 ta murojaat kelib tushgan.

Davlatimiz rahbari Bosh vazirning iqtisodiyot va investitsiyaga masʼul oʻrinbosarlariga 1 noyabrga qadar har bir tarmoq, hududiy korxonalar talabini oʻrganib, boshqa xomashyo va butlovchi qismlar uchun tariflarni qayta koʻrib chiqishni topshirdi.

Endilikda import jarayonida muvofiqlik sertifikatlari har bir partiyaga emas, shartnomada koʻrsatilgan hajm uchun beriladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid