platina.uz
Iqtisod

Tadbirkorlarga barcha xato va kamchiliklarni ixtiyoriy toʻgʻirlash imkoni beriladi

Aylanma soliqdan QQSga oʻtadigan korxonalar bir yil davomida foyda soligʻidan ozod etiladi. "Biznesni 15 daqiqada boshlash" tamoyili yoʻlga qoʻyiladi. 

Tadbirkorlarga barcha xato va kamchiliklarni ixtiyoriy toʻgʻirlash imkoni beriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 12 foizga tushirilgani hisobiga bu soliq rejimida ishlayotgan tadbirkorlar soni kun sayin koʻpaymoqda.

Lekin, hali koʻpchilik QQSga oʻtsam, hisob-kitob qiyinlashadi, buxgalter olishim kerak, xarajat oshadi, deb shubhalanmoqda.

Shu bois, aylanma soliqdan QQSga oʻtadigan korxonalar bir yil davomida foyda soligʻi toʻlashdan ozod qilinadi, hisobotida xatolik boʻlsa ham, jarima qoʻllanmaydi, buxgalterlar maoshining 5 million soʻmgacha qismi olti oygacha bunday korxona toʻlayotgan soliqdan chegirib tashlanadi.

Bugungi kunda soliq tekshiruvlari boʻyicha 20 mingdan ziyod tadbirkorlarda 16 trillion soʻmlik xato va kamchiliklar aniqlangan. Bu minglab biznes vakillarining tadbirkorlik reytingidagi oʻrniga salbiy taʼsir qiladi.

“Shu bois bugun oʻziga xos “amnistiya” eʼlon qilamiz, ushbu tekshirishlar boʻyicha jazo qoʻllanmaydi. Buning oʻrniga 1 noyabrgacha tadbirkorlarimizga barcha xato va kamchiliklarni ixtiyoriy toʻgʻirlash imkoni beriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, 1 noyabrdan boshlab biznes vakillari tadbirkorlik reytingini “toza sahifadan” boshlaydi”,-dedi Prezident.

Prezident yana bir muhim yangilikni eʼlon qildi – 2026 yildan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini toʻlaqonli yoʻlga qoʻyish mumkin boʻladi.

Bunda, tadbirkorni roʻyxatdan oʻtkazish jarayonining oʻzida:

- elektron raqamli imzo beriladi;

- bankda hisobraqam ochiladi;

- xohishiga koʻra ijara shartnomasi rasmiylashtiriladi;

- kassa apparati soliq organida roʻyxatdan oʻtkaziladi;

- shu yoʻnalishga masʼul davlat organlariga xabarnoma joʻnatiladi.

Natijada bu jarayonlar uchun talab etiladigan muddat hozirgi 1 haftadan 15 daqiqaga qisqaradi.

Avvalroq tadbirkorlarga mobil ilova orqali toʻlov uchun universal QR-kod berilishi maʼlum qilingandi.

Ushbu amaliyot noyabr oyidan ishga tushiriladi. Yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlganlar 1 foizlik soliq toʻlashga oʻtadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid