Saida Mirziyoyeva Qirgʻiziston prezidenti bilan uchrashdi
Uchrashuvda mamlakatlarda oʻtkazilayotgan "Zakovat" intellektual oʻyini musobaqalari ham eʼtirof etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda xalqlarimizni oʻzaro ishonch va hurmat asosida taraqqiyot va farovonlikka intilish birlashtirayotgani alohida taʼkidlandi.
"Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga samimiy qabul va ochiq hamda ishonchli ruhda oʻtgan mazmunli uchrashuv uchun minnatdorlik izhor etaman.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiziston bilan eng yaqin qoʻshni va strategik hamkor sifatida munosabatlarni mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratadi", deya yozadi Mirziyoyeva.
U chegara masalalari boʻyicha muvaffaqiyatli kelishuvlar, milliy ID hujjatlarini oʻzaro tan olish, qoʻshma korxonalar hamda Qambarota GES-1 va Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli kabi yirik umumiy loyihalar misol sifatida keltirdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimizda oʻtkazilayotgan "Zakovat" intellektual oʻyini musobaqalari ham eʼtirof etildi.
Bu loyiha yoshlar oʻrtasida doʻstona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilayotgan juda samarali tashabbus sifatida qayd etilgan.