platina.uz
Iqtisod

Prezident farmoni: tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga 270 trln soʻm yoʻnaltiriladi

Shundan tijorat banklari tomonidan kichik va oʻrta biznes uchun 250 trillion soʻm ajratiladi. Davlat koʻchmas mulkini ijaraga berish muddati esa 3 yildan 5 yilgacha oshirilmoqda. 

Prezident farmoni: tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga 270 trln soʻm yoʻnaltiriladi

2026–2027 yillarda tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, zarur moliyaviy va infratuzilmaviy sharoitlarni yaratish uchun jami 270 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

"Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni eʼlon qilindi.

2026–2027 yillarda tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, zarur moliyaviy va infratuzilmaviy sharoitlarni yaratish uchun jami 270 trillion soʻm yoʻnaltiriladi, xususan:

- erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining, shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarining infratuzilmasini rivojlantirish uchun Davlat byudjetidan 4 trillion soʻm;

- drayver loyihalar doirasida – 5 trillion soʻm;

- tanlab olingan tuman va shaharlarni jadal rivojlantirish dasturlari uchun – 6 trillion soʻm;

- tijorat banklari tomonidan kichik va oʻrta biznes uchun – 250 trillion soʻm, shu jumladan, tadbirkorlik dasturlari doirasida 30 trillion soʻm;

- “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kamida 5 mingta tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun – 4 trillion soʻmlik moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari.

2026 yil 1 maydan boshlab tadbirkorlik subʼektlariga kredit ajratish jarayonida ularning toʻlov qobiliyatini baholash uchun xarajatlar, tovar aylanmasi, eksport operatsiyalari kabi davlat organlari va xususiy sektor vakillarida shakllangan maʼlumotlar bazalarida mavjud maʼlumotlar orqali muqobil skoring qilish tizimi joriy etiladi.

Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun ustav kapitalida davlat ulushi boʻlmagan xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga jarimalar qoʻllash va undirishga 2027 yil 1 yanvarga qadar moratoriy eʼlon qilinadi.

2026–2028 yillarda joylashtirish vositalarini tashkil qilish uchun kamida 5 ming gektar yer uchastkalarini elektron onlayn auksionga chiqariladi.

Respublika tuman va shaharlarida (viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga kiritilgan turizm salohiyati yuqori boʻlgan tuman (shahar)lar va turistik zonalar bundan mustasno) joylashgan joylashtirish vositalari uchun turistik (mehmonxona) yigʻimni hisoblash va toʻlash tartibi bekor qilinadi.

Davlat koʻchmas mulkini ijaraga berish muddati 3 yildan 5 yilgacha oshiriladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazishda:

-mobil videokameradan foydalanish majburiy hisoblanadi;

- mobil videokameradan foydalanmasdan oʻtkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.

Prezident va tadbirkorlar uchrashuvi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda bir qator yangiliklar eʼlon qilindi. Jumladan, Tadbirkorlarga mobil ilova orqali toʻlov uchun universal QR-kod beriladi

Ushbu amaliyot noyabr oyidan ishga tushiriladi. Yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlganlar 1 foizlik soliq toʻlashga oʻtadi. Aylanma soliqdan QQSga oʻtadigan korxonalar bir yil davomida foyda soligʻidan ozod etiladi. "Biznesni 15 daqiqada boshlash" tamoyili yoʻlga qoʻyiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid