DXX: salkam 80 kg giyohvandlik moddalari toʻxtatib qolindi
Bir holatda 2005 va 2006 yillarda tugʻilgan ikki fuqaro jami 62 kg narkotikni Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelganda ushlandi.

DXX tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda yirik miqdorda giyohvand moddalari qoʻlga olindi.
Jumladan Rossiya, Tojikiston va Afgʻonistondan olib kelingan qariyb 80 kg narkotik moddalar toʻxtatib qolindi.
Gap nima haqida?
DXX Chegara qoʻshinlari va Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida Uzun tumanida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda 2005 va 2006 yillarda tugʻilgan 2 nafar mahalliy fuqaro 20 kg 374 gr “opiy” va 41 kg 668 gr “gashish” giyohvandlik vositalarini Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelgan vaqtlarida ushlandi.
Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi boʻlgan, Uzun tumanida yashovchi, 2004 y.t. shaxs hamda ajal ogʻusining byurtmachisi hisoblangan, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 2000 y.t. fuqaro ham protsessual tartibda ushlandi.
Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari va DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda Qozogʻiston Respublikasidan xalqaro oʻtkazish punkti orqali mamlakatimizga kirib kelgan Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi, 1991 y.t. shaxsga tegishli yuklar oʻrnatilgan tartibda tekshirildi.
Natijada marmar quyma tosh ichiga yashirilgan 7 kg 902 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi borligi maʼlum boʻldi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, narkokurʼer moddiy manfaatdorlik evaziga ushbu giyohvandlik vositasini Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida nomaʼlum shaxs tomonidan telegram bot orqali koʻrsatilgan manzildan olib, Oʻzbekistondagi buyurtmachiga yetkazib berishi kerakligi aniqlandi.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1985 y.t. fuqaro Oʻrta Chirchiq tumanida ajal ogʻusini qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xafsizlik xizmatining Fargʻona va Surxondaryo viloyatlari boʻyicha boshqarmalari xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida afgʻonistonlik narkosavdogarlardan giyohvandlik vositalarini olib, Fargʻona viloyatida sotish bilan shugʻullangan shaxslar faoliyatiga chek qoʻyildi.
Xususan, Qoʻqon shahrida yashovchi, 1964 y.t. ayol va uning 1993 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan oʻgʻli qoʻlga olinib, ulardan Afgʻonistondan kontrabanda yoʻli bilan keltirilgan 5 kg 878 gr “opiy” va 3 kg 922 gr “gashish” moddalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijdan olib kelingan jami 79 kg 744 gr giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX tadbirlari
DXX avvalroq hokim oʻrinbosari ushlangani haqida xabar bergandi.
Forish tumani hokimi oʻrinbosari 20 ming AQSh dollarini oʻzining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.