Zelenskiy AQShda: Ukraina masalasida muhim uchrashuvlar oʻtkazildi
Dastlab Zelenskiy Tramp bilan uchrashdi, soʻngra jarayonga Yevropa yetakchilari qoʻshildi. Orada Tramp Putinga qoʻngʻiroq qilishga ham ulgurdi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Oq Uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi.
Fevraldagi janjalli vaziyatdan farqli oʻlaroq uchrashuv tinch va konstruktiv oʻtgan.
Asosiy bayonotlar:
Tramp:
Tramp Zelenskiy va Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻrtasidagi uch tomonlama uchrashuvga umid qilishini yana bir bor taʼkidladi:
“Agar bugun hammasi yaxshi boʻlsa, biz uch tomonlama uchrashuv oʻtkazamiz va menimcha, urushni tugatish uchun haqiqiy imkoniyat bor”.
Shuningdek, u Putin urushni tugatishni xohlayotganiga ishonishini qoʻshimcha qildi.
Tramp agar tinchlik kelishuviga erishilsa, amerikalik tinchlikparvar kuchlarni Ukrainaga yuborishga rozi boʻladimi, degan savolga javob berishdan bosh tortdi, lekin u uzoq muddatli tinchlik oʻrnatish yoʻlida ishlashni rejalashtirayotganini taʼkidladi:
“Biz hamma bilan ishlaymiz va tinchlik boʻlsa, bu uzoq davom etishiga ishonch hosil qilamiz. Uning ishlashiga ishonch hosil qilamiz, biz Ukraina bilan ishlaymiz va agar biz tinchlikka erisha olsak, men bunga shubha qilmayman.
Tramp Yevropa yetakchilari bilan muzokaralar chogʻida Ukrainaga harbiy yordam koʻrsatish masalasi muhokama qilinishini aytdi. "Biz bu haqda gaplashamiz. Ular [Yevropa davlatlari] hammasi ishtirok etadi. Koʻp yordam boʻladi ... Bu yaxshi boʻladi. Ular [Yevropa] birinchi mudofaa chizigʻi, chunki ular u yerda, ular Yevropa. Lekin biz ularga yordam beramiz ".
Tramp hozirda Rossiya va Ukraina oʻrtasida tinchlik kelishuvi tarafdori ekanini aytdi:
"Menga oʻt ochishni toʻxtatish tushunchasi bir sababga koʻra yoqadi: bu odamlarning oʻlimini bir-ikki haftada yoki qancha vaqt talab qilsa ham, zudlik bilan toʻxtatib qoʻyadi. Lekin ular urushayotgan paytda tinchlik kelishuvini muhokama qilishimiz mumkin. Ular jang qilishlari kerak. Qaniydi, toʻxtasalar. Toʻxtasalar edi, lekin strategik jihatdan bu ikkala tomon uchun yaxshi boʻlmasligi mumkin”.
Tramp Ukraina ittifoqchilardan xavfsizlik kafolatlarini olishini aytdi, biroq ular NATOning 5-moddasiga oʻxshash boʻladimi yoki yoʻqligini aytmadi.
Tramp AQSh endi Ukrainaga qurol-yarogʻni tekin yetkazib bermasligini aytdi: “Biz hozir hech narsa bermayapmiz, qurol sotyapmiz...”
Zelenskiy:
Zelenskiy Ukraina saylovlarni oʻtkazishga tayyor ekanini aytdi:
"Ular xavfsiz sharoitda oʻtkazilishi kerak. Biz parlamentda ishlashimiz kerak, chunki urush paytida saylovlar oʻtkazilmaydi. Lekin biz xavfsizlikni taʼminlay olamiz. Bizga hamma joyda – jang maydonida, havoda, dengizda oʻt ochishni toʻxtatish kerak, toki odamlar demokratik, ochiq, qonuniy saylovlarga kelish imkoniyatiga ega boʻlsinlar".
Ukrainaga AQShdan qanday xavfsizlik kafolatlari kerak - Amerika qoʻshinlari, razvedka, qurollar degan savolga Zelenskiy: "Hammasi" deb javob berdi.
Amerika ommaviy axborot vositalari Trampning Zelenskiy bilan uchrashuvini qanday tasvirlaydi?
“Zelenskiy bugun Tramp bilan birinchi marta omma oldida chiqish qildi”, — deb yozadi The New York Times. Ukraina prezidentining fevral oyida Oq uyga tashrifi ikki yetakchi oʻrtasida ommaviy munozara bilan yakunlangan.
NYT taʼkidlashicha, Zelenskiy ham odatdagi harbiy formasidan voz kechib, uchrashuvga yanada rasmiy kostyumda: qora koʻylagi va shimda kelgan. Oʻtgan safar Tramp qora uzun yengli polo va shim kiygan Zelenskiyning suratini kinoya bilan izohlagan edi.
CNN taʼkidlashicha, bu safar Oval kabinetdagi muhit "ancha doʻstona" edi. "Ukraina tomoni muzokaralar toʻgʻri yoʻnalishda oʻtishini taʼminlashga katta eʼtibor qaratgani koʻrinib turibdi. Zelenskiy Trampga rafiqasidan maktub olib keldi va AQShning birinchi xonimi Melaniya Trampning Putinga urush paytida azob chekayotgan bolalar haqidagi maktubini yuqori baholadi", — deyiladi telekanal xabarida.
Shuningdek, tomonlar Yevropa yetakchilari bilan ham uchrashuvlar oʻtkazdi.
Orada Tramp Putinga qoʻngʻiroq qilgan va u bilan uch tomonlama uchrashuvni muhokama qilgan. Xabarlarga koʻra, uch tomonlama uuchrashuv ikki hafta ichida tashkil etilishi mumkin.
Shuningdek, Zelenskiy hududlar masalasini faqat Putin bilan muhokama qilishi mumkinlishini aytdi.