Sherzod Shermatov poyezdlarni telekommunikatsiya tarmogʻi uskunasi oʻrnatilgan holda sotib olishni soʻradi
Tez harakatlanadigan va metall vagonlarda aloqa signallari tarqalishi muammo boʻladi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Transport vazirligidan poyezdlarni telekommunikatsiya tarmogʻi qurilmasi oʻrnatilgan holda sotib olishni soʻradi.
Bu haqda vazir "Afrosiyob" poyezdidagi Wi-Fi qurilmasidan foydalanish boʻyicha postida yozgan.
Gap nima haqida?
Vazir poyezddagi safari davomida tezyurar poyezddagi internet tezligini tekshirib koʻrgan.
"Yaqinda Buxoroga poyezdda borib-kelishda eʼtibor qilsam, hali ham koʻpchilikni Uztelecom Wi-Fi xizmatlarini ishga tushirganidan xabari yoʻq ekan. Shaxsan tekshirib kelish niyatida Youtube'da foydali kitoblarni yaxshi tushuntirib bergan videolarni koʻrib keldim", deydi Shermatov.
Vazir Transport vazirligiga poyezdlar ichiga qoʻshimcha uskuna qoʻyishga tegishli ruxsatlarni olishga yordam berishgani uchun minnatdorchilik bildirgan.
"Kelgusida xarid qilinadigan yangi poyezdlar boshidan ichidagi tegishli telekommunikatsiya uskunalari bilan olinadi deb umid qilamiz. Tez harakatlanadigan va metal koʻp ishlatilgan vagonlarda tashqaridagi aloqa signallari abonentlarga yetib borishida muammo boʻladi, shuning uchun ularning ichida tegishli qurilma oʻrnatilishi shart", deya takidlaydi amaldor.
Eslatib oʻtish kerak, poyezdlarda xususan "Afrosiyob"da internet sustligi masalasi doim tanqid qilinib kelinadi. Poyezdda 2021 yildan buyon tekin internet ishlaydi. Biroq uning ishlashi barqaror emasligi sayyohlar tomonidan koʻtarilgan. Demak, Transport vazirligi tegishli qurilmalar bilan jihozlangan poyezdlarni keltirsa vaziyat ijobiy tomonga oʻzgaradi.