HAMAS Isroil bilan ikki oylik sulhga rozi boʻldi
Isroil hozirda ushbu kelishuvni koʻrib chiqmoqda. Ular avvalroq butun Gʻazoni bosib olishga tayyorlanayotgan edi.

HAMAS harakati Misr va Qatar taklif qilgan 60 kunlik sulhga rozi boʻldi, deb xabar berdi The Jerusalim Post oʻz manbasiga asoslanib.
Taklif, shuningdek, umrbod qamoq jazosini oʻtayotgan 150 nafar falastinlik mahbus evaziga 10 nafar isroillik garovga olinganlarni ozod etishni ham oʻz ichiga oladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kelishuvni koʻrib chiqmoqda, garchi uning idorasi Isroilning pozitsiyasi oʻzgarmasligini aytgandi: rasmiylar barcha garovga olinganlarni ozod qilishni taʼminlaydigan keng qamrovli kelishuvni talab qilmoqda.
Misr rasmiysining Reuters agentligiga aytishicha, bu taklif urushni tugatish boʻyicha kengroq kelishuvga erishish yoʻlidagi qadam boʻlishi mumkin.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, HAMAS qoʻlida 49 kishi garovda qolmoqda. Isroil razvedkasi ulardan 27 nafari oʻlgan deb hisoblamoqda. AFP agentligining Falastin Islomiy Jihodidagi manbasi birinchi bosqichda garovga olingan oʻn nafar isroillikni ozod qilish, shuningdek, bir nechta jasadlarni topshirish taklif qilinganini aytdi.
“Qolgan mahbuslar ikkinchi bosqichda ozod qilinadi, shundan soʻng nihoyat xalqaro kafolatlar bilan urushni tugatish boʻyicha kengroq kelishuv boʻyicha zudlik bilan muzokaralar olib boriladi”, dedi agentlik manbasi.
Buning evaziga Isroil falastinlik mahbuslarni ozod qiladi.
Kelishuv Gʻazo aholisini barcha zarur narsalar bilan taʼminlash uchun gumanitar yordam yetkazishni ham nazarda tutadi.
Isroil va Gʻazo urushi
Soʻnggi kunlarda Isroilni urushga qarshi namoyishlar qamrab oldi. Unda million nafargacha kishi ishtirok etgani aytilmoqda.
Namoyishchilar qurolli harakatlarni toʻxtatish, tinchlikka erishish va asirlarni ozod etishni soʻramoqda.
Isroil hukumati esa Gʻazoni okkupatsiya qilishga kirishgan.