AQSh davlat kotibi: Putin Zelenskiy bilan uchrashishga rozi boʻldi
Bu haqda Rossiya rahbari AQSh prezidenti Donald Tramp bilan suhbatda aytgan. Shveysariya, agar uchrashuv oʻz hududida boʻlsa Putinni qamoqqa olmasligini aytdi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubioga koʻra, Putin Zelenskiy bilan uchrashuvga rozi boʻlgan. Rossiya TIV rahbari ham davlat rahbari uchrashuvdan qochmasligini bildirdi.
Rossiya Ukraina boʻyicha muzokaralarning hech qanday formatini rad etmayapti: na ikki tomonlama, na uch tomonlama, dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.
Uning taʼkidlashicha, har qanday formatning maqsadi "bosqichma-bosqich, ekspertlar darajasidan boshlab, soʻngra sammitlarga tayyorgarlik koʻrish uchun barcha zarur bosqichlardan oʻtish" boʻlishi kerak (TASS iqtibosi).
Yuqori mansabdor shaxslar ishtirokidagi har qanday aloqalar juda ehtiyotkorlik bilan tayyorlanishi kerak , deya qoʻshimcha qildi Lavrov.
Vladimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan muzokaralar hamda Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatdan soʻng AQSh rahbari Donald Tramp Rossiya va Ukraina prezidentlari uchrashuviga tayyorgarlik boshlanganini maʼlum qildi.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning aytishicha, Putin Trampga Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini aytgan.
Biroq, Kreml muzokaralarda Moskva va Kiyev vakillari darajasini oshirish gʻoyasi muhokama qilinganini aytmoqda, Rossiya prezidentining Ukraina bilan uchrashishga tayyorligini na inkor, na tasdiqlayapti.
Gʻarb tomoni esa ehtimoliy uchrashuv joyi sifatida Shveysariya yoki Italiyani taklif etdi.
Shveysariya Putinga “tinchlik konferensiyasiga kelsa” daxlsizlik huquqini beradi”, dedi mamlakat TIV rahbari Inyaki Kassis. 2024 yilda hukumat xalqaro hibsga olish orderi ostidagi shaxsga immunitet berish qoidalarini belgiladi, deya qoʻshimcha qildi u.
"Bu shaxs shaxsiy sabablarga koʻra emas, balki tinchlik konferensiyasiga keladi", dedi Shveysariya tashqi ishlar vaziri.
Fransiya rahbari Emmanuel Makron avvalroq Jenevada Putin va Zelenskiyni uchrashishga chaqirgan edi. Shveysariya 2023 yilda Putinni hibsga olish uchun order bergan Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olgan 125 ta davlat qatoriga kiradi. Moskva Xalqaro jinoyat sudining qarorlarini tan olmaydi.
Ukraina atrofidagi vaziyat
15 avgust kuni Putin va Tramp Alyaskada uchrashdi. Uchrashuvda aytarli kelishuvlar boʻlmadi.
18 avgust kuni Tramp Zelenskiy va Yevropa liderlari bilan koʻrishdi.