Prezident Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi
Uning qurilishi salkam 3 yil avval boshlangandi. Shaharcha markazida 12 ming oʻrinli stadion bunyod etildi, xalqaro turnirlar paytida bu yerda tantanali marosimlar tashkil qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 avgust kuni Toshkent shahrida qurib bitkazilgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi.
Uning qurilishiga 2022 yil 9 noyabrda tamal toshi qoʻyilgan edi.
Gap nima haqida?
Qisqa vaqt ichida 100 gektardan ziyod maydonda muhtasham majmua qad rostladi. Qariyb 290 million dollarlik ushbu noyob loyiha “CAMC Engineering” kompaniyasi tomonidan xalqaro talablarga muvofiq amalga oshirildi.
Shaharchada 5 ta asosiy sport majmuasi joylashgan.
Xususan, Velodrom murakkab muhandislik yechimlari asosida, oʻziga xos dizaynda qurilgan. Uning yogʻoch qoplamasi sifati, trayektoriyasi va burilish burchaklari Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi talablariga javob beradi. Jumladan, yoʻlak eng mustahkam daraxtlardan yasalgan, qavatma-qavat yotqizilgan. Bu sifat muntazam saqlanishi uchun velodromda yil davomida bir xil harorat taʼminlanadi. Hatto velosportchilarga havo qarshiligigacha inobatga olingan.

Trekka yorugʻlik bir xil va teng darajada tushadi. Bu sportchilarga qulaylik boʻlishi bilan birga, tomosha va televizion translyatsiya meʼyorlariga ham mos. Oʻrindiqlar 2 ming 200 kishiga moʻljallangan. Xalqaro Olimpiya qoʻmitasining yangi talabi boʻyicha tomosha joylariga himoya toʻsigʻi oʻrnatilgan.
Shuningdek, majmua koʻp funksiyali boʻlib, bu yerda stol tennisi, qilichbozlik boʻyicha musobaqa va mashgʻulotlar oʻtkazish ham mumkin. Bunday darajadagi velodrom Oʻzbekistonda birinchisi.

Mutasaddilarga hududlarda sharoit yaratib, velosportni rivojlantirish boʻyicha dastur tayyorlash vazifasi qoʻyildi.
Prezident stol tennisi hammabop, arzon va qulay sport ekanini taʼkidlab, har bir maktab va mahallada uni ommalashtirish, anjomlarini ishlab chiqarish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Shaharcha markazida 12 ming oʻrinli stadion joylashgan. Xalqaro turnirlar paytida bu yerda tantanali marosimlar tashkil etiladi. Asosiysi, yashil maydon va 9 qatorli yugurish yoʻlagida yengil atletikaning 48 ta yoʻnalishi boʻyicha musobaqalar oʻtkaziladi. Jumladan, jahon chempionati, Brilliant ligasi, paraatletika bahslari, koʻzi ojizlar oʻrtasida IBSA oʻyinlarini tashkil etish mumkin. Boshqa paytlarda stadiondan mahalliy oʻquv-yigʻinlar, amaliy mashgʻulotlar orqali dual taʼlimda foydalaniladi.
Stadiondagi toʻrt qavatli binoda terma jamoalar mutaxassislari va sport federatsiyalari faoliyat yuritadi.
Yengil atletika va para sport turlari aholi salomatligini mustahkamlashda juda samarali. Olimpiya va Osiyo oʻyinlarida ular boʻyicha dastur ham keng. Lekin yurtimizda bu imkoniyatlar toʻla ishga solinmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Shu bois yengil atletikaning barcha yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha topshiriq berildi. Unga koʻra, viloyatlardagi stadionlar rekonstruksiya qilinib, yengil atletika uchun sharoitlar yaxshilanadi, xorijdan murabbiylar olib kelinadi, sportchilar mahoratini oshirish maqsad qilib qoʻyiladi.
Ulkan suv sporti saroyi ham zamonaviy va qulay. Unda 25x50 metrli suzish va 25x20 metrli suvga sakrash havzalari, mashgʻulotlar uchun basseyn va trenajyor zallari bor. Barcha sharoitlar va oʻlchamlar xalqaro olimpiya standarti talablariga javob beradi.
Yaqinda "World Aquatics" federatsiyasi delegatsiyasi majmuani koʻrikdan oʻtkazdi va buni tasdiqladi. Yaʼni, bu yerda suzish, suvga sakrash, sinxron suzish, suv polosi boʻyicha qitʼa va jahon chempionatlari, Olimpiya dasturidagi nufuzli musobaqalarni tashkil etish imkoniyati bor. Ularni 2 mingdan ziyod muxlislar tomosha qilishi mumkin.
Davlat rahbari suv sport turlarini rivojlantirish, xalqaro turnirlarda natijalarni yaxshilash boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.
Jamoaviy va yakkakurash sport turlari majmualari ham xalqaro talablar darajasida bunyod etilgan. Ularning har biri uch qavatli, 2 ming oʻrinli. Jumladan, birinchisida voleybol, basketbol va gandbol boʻyicha mashgʻulot va xalqaro musobaqalarni oʻtkazish mumkin. Yakkakurashlar majmuasi dzyudo, boks, taekvondo kabi sport turlarini rivojlantirishga asos boʻladi.
Prezidentimiz shu yerda sportchilar bilan suhbatlashdi.
– Xalqaro musobaqalarda bayrogʻimizni baland koʻtarib, mamlakatimiz rivojini namoyon etyapsizlar. Sizning har bir yutugʻingiz xalqimiz uchun katta gʻurur, yoshlarimizga kuch, dalda. Bu harakatlarni davom ettirib, bolalarni ortingizdan ergashtirib, sportimizni yanada yuksaltirishingizni tilaymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Olimpiya shaharchasida futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey, yengil atletika kabilar boʻyicha 15 ta ochiq maydon ham barpo etildi.

Bundan tashqari, 400 oʻrinli paralimpiya yotoqxonasi, sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi qurilishi yakuniy bosqichda.
Shaharchadagi barcha inshootlar energiya tejamkor boʻladi. Avtoturargohlar ustida quyosh panellari oʻrnatiladi.