Oʻzbekiston Afgʻonistonga elektr yetkazishni koʻpaytirishi kutilyapti
Ikki davlat amaldorlari energetika boʻyicha toʻrtta yirik loyiha boʻyicha uchrashdi. Ularning qiymati 243 million dollarni tashkil etadi.

Oʻzbekiston Afgʻonistonga elektr yetkazish hajmlarini oshiradi.
Ikki davlat vakillari elektr tarmogʻi boʻyicha hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan toʻrtta yirik loyiha boʻyicha shartnomalarni yakunladilar. Bu loyihalar umumiy qiymati taxminan 243 million dollarni tashkil etadi.
Gap nima haqida?
Bitimlarni Kobulda “Da Afghanistan” kompaniyasi bosh direktori doktor Abdul Bari Umar va Oʻzbekiston Energetika vazirligi vakillari imzoladi.
Marosimda Afgʻoniston bosh vaziri oʻrinbosari mulla Abdul Gʻani Barodar Oxund, Oʻzbekiston energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov ishtirok etdi.
Toʻrtta loyiha Afgʻonistonning elektr energiyasini uzatish va taqsimlash tarmogʻini sezilarli darajada yaxshilashga, uzoq davom etgan energiya tanqisligini bartaraf etishga va butun mamlakat boʻylab tarmoq ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
Tashabbuslar qatoriga 1000 MVTgacha quvvat beradigan 500 kV Sarxon-Dasht-e-Avan elektr uzatish liniyasi va milliy tarmoqni barqarorlashtirish uchun muhim boʻlgan 800 MVT quvvatga ega Argʻandi podstansiyasini rivojlantirish kiradi.
Bundan tashqari, 800 MVT quvvatga ega 220 kV Kobul-Shayx Masri elektr uzatish liniyasi va Nangarhorda 126 MVT quvvatga ega Shayx Masri podstansiyasining qurilishi shahar va qishloq jamoalarining elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Birgalikda ushbu loyihalar energiya samaradorligini oshirish, uzatish yoʻqotishlarini kamaytirish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, xususan, Afgʻonistonning Oʻzbekiston bilan hamkorligi orqali mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishi va energiya xavfsizligi maqsadlarini qoʻllab-quvvatlashi kutilmoqda.
Rasmiylarning taʼkidlashicha, loyihalar 18 oy ichida yakunlanishi kutilmoqda, bu Afgʻonistonning energetika infratuzilmasiga katta turtki beradi va uzoq yillik energiya tanqisligini bartaraf etadi.
“Ushbu hamkorlik Afgʻonistonning elektr tarmogʻini kengaytirish va aholiga ishonchli energiya yetkazib berish yoʻlidagi strategik qadamdir”, dedi imzolash marosimida doktor Umar.
Xabarda Hamkorlik Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi iqtisodiy va infratuzilmaviy aloqalarni chuqurlashtirishi taʼkidlangan.