Isroil poytaxtida yuz minglab kishilar namoyishga chiqdi
Namoyishchilar hukumatdan Gʻazodagi urushni toʻxtatish va HAMAS bilan kelishishni talab qilmoqda.

Isroil poytaxti Tel-Avivda bir necha yuz ming kishi hukumatdan HAMAS bilan garovga olinganlarni ozod qilish boʻyicha kelishuvga erishishni talab qilib mitingga yigʻildi, deb yozadi The Times of Israel.
Namoyishchilar “Garov maydoni” va uning atrofidagi koʻchalarda toʻplanishdi.
Dastlab maydonga 150 mingga yaqin odam kelgan. Ularga yana 70 mingga yaqin kishi qoʻshildi, ular garovga olinganlarning oila aʼzolari bilan birgalikda “Savidor Merkaz” vokzalidan miting oʻtkaziladigan joyga borishdi. Ular orasida isroillik mashhur aktrisa Gal Gadot ham bor, deb yozadi nashr. Keyinchalik yigʻilganlar soni koʻpaydi. Quddusda Isroilning sobiq prezidenti Reuven Rivlin garovga olinganlarni ozod qilish va HAMAS bilan kelishuvga erishish uchun namoyishga qoʻshildi.
Namoyishchilar hukumatning Gʻazo sektoridagi urushni kengaytirish qaroriga qarshi va HAMAS qoʻlida boʻlganlarni qaytarish boʻyicha muzokaralar oʻtkazish tarafdori.
Ayni paytda 12-kanal (Channel 12)ning Isroil rasmiysiga asoslanib xabar berishicha, mamlakat rasmiylari oʻt ochishni toʻxtatish va garovga olinganlarni ozod qilish boʻyicha qisman kelishuv tuzish imkoniyatini koʻrib chiqishi mumkin.
"Isroil hozircha faqat keng qamrovli kelishuvga erishish uchun harakat qilishga tayyor. Ammo urushning tugashi bilan bogʻliq hal etilmagan masalalar juda koʻp. Agar HAMAS biz uchun maqbul shartlar boʻyicha qisman kelishuvga rozi boʻlsa, qizil chiziq birdan oʻzgarib ketsa, hayron boʻlmang", - dedi rasmiy.
13-kanal (Channel 13) esa bosh vazir Benyamin Netanyaxu HAMAS bilan “bosqichma-bosqich” kelishuvni muhokama qilishga tayyorligini xabar qildi. Telekanal suhbatdoshining qoʻshimcha qilishicha, Isroil rasmiylari “hali vositachilardan tinchlik loyihasi olmagan”.
Manbaga koʻra, Qatar va Misr bu jarayonni tezlashtirishga harakat qilmoqda. Netanyaxuning oʻzi bu maʼlumotni hozircha tasdiqlagani yoʻq. Isroil bosh vaziri "barcha garovga olinganlar boʻyicha keng qamrovli kelishuv"ni taʼkidladi va uning barcha talablari bajarilmaguncha urushni toʻxtatish niyatida emas.
"Gʻazoda na HAMASga, na Falastin maʼmuriyatiga aloqador boʻlmagan, Isroil bilan tinch-totuv yashaydigan boshqaruv organlarini tashkil etish lozim”, — deya Netanyaxuning shartlaridan iqtibos keltiradi gazeta.
Isroilning hisob-kitoblariga koʻra, HAMAS tirik garovga olinganlardan tashqari yana 30 nafar jasadni Gʻazo sektoridan qaytarmagan.
Isroilning Gʻazo bosib olish rejasi
8 avgust kuni Isroil Vazirlar Mahkamasi HAMAS harakatini “magʻlubiyatga uchratish” va Gʻazo shahrini Isroil mudofaa kuchlari nazorati ostiga olish rejasini maʼqulladi.
Bu qaror, urushni toʻxtatish boʻyicha xalqaro chaqiriqlar kuchayib borayotganiga qaramay, koʻplab isroilliklarning HAMAS tomonidan garovga olinganlar taqdiridan qoʻrqqan noroziliklari va muxolifatning tanqidiga qaramay qabul qilindi. Isroil Gʻazo shahriga qayta-qayta havo hujumlari va reydlar uyushtirgan, biroq u Isroilning bufer zonasiga aylantirilmagan yoki evakuatsiya qilinmagan kam sonli hududlardan biridir. AP xabariga koʻra, hududdagi yirik quruqlikdagi operatsiya oʻn minglab odamlarni koʻchirishi va oziq-ovqat yetkazib berishga toʻsqinlik qilishi mumkin.