OAV: Fotih Terim Oʻzbekiston terma jamoasida ish boshlashi mumkin
Yoaxim Lyov esa OʻFA taklifini rad etgan, ammo tashkilot murabbiylar boʻyicha xabarlarga izoh bergani yoʻq.

Turkiya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Fotih Terim Oʻzbekiston terma jamoasini boshqarishi mumkin. Bu haqda Championat.asia nashri xabar berdi.
Gap nima haqida?
Manbaga koʻra, Yoaxim Lyov hamkorlik qilishdan bosh tortgach, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi mashhur mutaxassisga taklif bilan murojaat qilgan.
OʻFA Terimni terma jamoa bosh murabbiyligiga asosiy nomzod sifatida koʻrmoqda. 71 yoshli murabbiyning oʻzi kelib tushgan taklifni batafsil oʻrganish va baholash uchun vaqt soʻragan.
OʻFAning oʻzi bu xabarlarga rasmiy izoh bermadi.
Eslatib oʻtamiz, avval Oʻzbekiston termasini sloveniyalik Srechko Katanets boshqarib kelgach, u sogʻligʻidagi muammolar tufayli isteʼfoga chiqqach Timur Kapadze bosh murabbiy etib tayinlangandi.
Yoaxim Lyov va Oʻzbekiston termasi
Germaniya termasi sobiq murabbiyi Yoaxim Lyov Oʻzbekistonda ishlashi mumkinligi haqida ancha avval xabarlar tarqalgandi. Lekin yaqinda nemis mutaxassisi Oʻzbekiston taklifini rad etgani aytildi.