Shahrisabz tumani FVB boshligʻi qoʻlga olindi
Margʻilonda maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi bosh mutaxassisi ham xizmat xonasida pul olayotganda ushlandi.

DXX Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlarida korrupsion holatlarni aniqladi.
Birinchi holatda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi ushlangan.
U 2 nafar fuqaroning joriy yil iyul oyida Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shahrisabz va Chiroqchi tumanlari boʻlimlarini kasbiylashtirilgan yongʻin-qutqaruv qismlariga haydovchi vazifasiga ishga qabul qilinganliklaridan foydalanib, goʻyoki ularning ishga kirishlarida koʻmaklashganini roʻkach qilib, 6 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs Shahrisabz tuman FVB maʼmuriy binosida soʻralgan pul mablagʻidan 3,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu kabi qonunbuzilish holati Fargʻona viloyatida ham qayd etildi. Xususan, Margʻilon shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi bosh mutaxassisi fuqaroga davlat xususiy sherikchilik asosida bogʻcha ochishi uchun vazirlikda ishlovchi tanishlari orqali ruxsatnoma olib berishini aytgan. Evaziga xizmat xonasida 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX amaliyotlari
Avvalroq, "Afrosiyob" poyezdiga nisbatan qoʻporuvchilik sodir etgan temiryoʻlchilar uzoq muddatga qamalgani maʼlum boʻlgandi. Undan avval Xorazmda "Soliq servis" korxonasi bosh mutaxassisi ushlangandi.