Hindistonda kuchli toshqinlar sabab kamida 60 kishi halok boʻldi
Hozirda qutqaruv ishlari davom etyapti, mingdan oshiq kishi xavfli hududlarda qolib ketgan.

Hindistonda toshqinlar sabab kamida 60 kishi halok boʻldi.
Jammu va Kashmir shtatida kuchli yomgʻirlar oqibatida yuzlab odamlar Kishtvar tumanidagi Chashoti qishlogʻida suv toshqini ostida qolgan. Natijada kamida 60 kishi halok boʻldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi.
"Menimcha, Kishtvarda 500 dan ortiq odam xavf ostida qolmoqda va baʼzi rasmiylar ularning soni 1000 dan ortiq boʻlishi mumkinligini aytishmoqda", dedi shtatning bosh vaziri Umar Abdulla NDTVga.
Uning soʻzlariga koʻra, mahalliy maʼmuriyat hodisa uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishi kerak, chunki yomgʻirlar bashorat qilingan va oqibatlari maʼlum edi.
"Balki hukumat va mahalliy maʼmuriyat odamlarning hayotini saqlab qolish uchun koʻproq harakat qila olarmidi?" - deya qoʻshimcha qildi u.
Shtatda qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda. Milliy ofatlarga qarshi kurash kuchlari, armiya, politsiya va koʻngillilar jalb etilgan.
Jammu va Kashmir maʼmuriyati omon qolganlarga yordam berish uchun maxsus guruh tuzgan.
Toshqinlar
Iyul oyi oxirida Hindistonga qoʻshni Pokistonda kuchli yomgʻir va toshqinlarda 279 kishi halok boʻlgandi.
Oʻshanda 1500 dan ortiq bino vayron boʻlgan, chorvachilik va dehqonchilikka katta zarar yetgandi.
