platina.uz
Jamiyat

Endi ichimlik suvigayam subsidiya ajratiladi

Mablagʻlar Qoraqalpogʻiston va Xorazmda yashovchi Kambagʻal oilalar reyestriga kiruvchilarga taqdim etiladi. 

Endi ichimlik suvigayam subsidiya ajratiladi

Ayrim oilalarni ichimlik suvi bilan taʼminlash xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratiladi.

Hukumat qarori (515-son, 14.08.2025 y.) bilan “Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida ayrim toifadagi oilalarni ichimlik suvi bilan taʼminlash xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

Gap nima haqida?

Nizom Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazmda yashovchi Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga quyidagi xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydi:

- turar joyida artezian qudugʻi qazish;

-suv nasoslari va ichimlik suvi filtrlarini xarid qilish hamda oʻrnatish.

Subsidiya mazkur xarajatlarning 90 foizi, biroq BHMning 30 baravaridan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun ajratiladi.

Ushbu xizmatlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimining Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi tadbirkorlik subʼektlari reyestriga kiritilgan tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Subsidiya oluvchilarning voyaga yetgan muomalaga layoqatli aʼzosi yoki qonuniy vakili “Inson” markazlariga borgan holda yoki mahalladagi ijtimoiy xodimlarga murojaat qilish orqali “YaMIH” ATda roʻyxatdan oʻtishi mumkin.

Bunda “Inson” markazi xodimi yoki ijtimoiy xodim subsidiya oluvchilarning voyaga yetgan muomalaga layoqatli aʼzosi yoki uning qonuniy vakili nomidan “YaMIH” ATda roʻyxatdan oʻtish boʻyicha soʻrov yuboradi.

Tadbirkor belgilangan muddatda subsidiya oluvchilarning turar joyiga yetib borishi hamda artezian qudugʻini qazishi, suv nasosi va ichimlik suv filtrini oʻrnatishi lozim.

Ishchi guruh tomonidan subsidiya ajratish maʼqullangani yoki rad etilgani toʻgʻrisidagi xabar “YaMIH” ATga avtomatik ravishda yuboriladi.

Subsidiyalar haqida

Avvalroq, prezident yigʻilishida femerlarga paxtani oʻz vaqtida yigʻishtirib olish uchun subsidiya berilishi maʼlum qilingandi.

Muhojirlarga esa xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga "ishchi viza"ni rasmiylashtirish xarajatlarini qoplash uchun BHMning 5 baravarigacha pul ajratiladi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda kommunal sohaga ham yirik subsidiyalar ajratib kelinadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid