Veolia Energy issiq suv narxini yana oshirmoqchi
Ham tariflar oshishi toʻxtamayapti, ham subsidiyalarning keti uzilmayapti.

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi majlisida poytaxtlik deputatlar Veolia Energy tomonidan yana oshirilishi kutilayogan tariflarni koʻrib chiqishgan.
Veolia Energy rejasiga koʻra, 1 oktabrdan aholi uchun issiqlik taʼminoti va issiq suv 15 foizga, yuridik shaxslar uchun 40 foizga, byudjet tashkilotlari uchun esa 19 foizga oshishi kutilyapti.
Tariflar oʻtgan yili 2 marta, jami 32,25 foizga oshirilgan edi. Ammo shunga qaramay, tizimni subsidiyalash ham toʻxtamayapti. Bu yil issiqlik taʼminoti xizmati uchun zararlarni qoplashga 2,7 trln soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan, yaʼni shahar byudjeti xarajatlarining 28%i.
"Solishtirish uchun, 2024 yilda bu maqsadlarga 1,97 trln soʻm yoʻnaltirilgandi. Tariflar oʻtgan yili 2 marta (32,25%ga), bu yil yana 2 marta (kamida 32,25%ga) oshirilishiga qaramay, subsidiyalar kamayish yo barqarorlashish oʻrniga, 37%ga koʻpaygan", deb yozmoqda bloger Otabek Bakirov.
Iqtisodchi bloger Otabek Bakirov ham tariflarni oshirib, ham subsidiyani "yeb yotgan buzuq" tizimni tanqid ostiga olgan.
"Koʻrayapsizki, tariflar ham oshayapti (32,25%ga va yana kamida 15%ga), subsidiyalash ham oshmoqda (37%ga). Bu qanaqa buzuq tizim? Isteʼmolchi ham choʻntagidan, ham soligʻidan (subsidiya bu bizning soliqlarimiz) toʻlashi qachongacha davom etadi? Yanada chuqurroq qaralsa, buyam hali hammasimas, hali boshqa dasturlar va zaxiralar hisobidan ochiq koʻrinmayotgan kross-moliyalashtirish qancha yana?
Nahotki, oʻzbek parlamentida (quyi palata va senatida) bironta deputat yo senator yoʻq, Iqtisodiyot va moliya vazirligidan asoslangan va chuqur hisob-kitob soʻrashga? Veolia Energy Tashkent oʻzi nima uchun chaqirilgandi? Tannarxlarni shishirib berishgami? Buni oʻzimizning mahalliy oʻgʻrilar ham qoyillatib eplayotgandi-ku. Veolia Energy Tashkent kelib, oʻzi nimani qoyillatdi. Hisob-kitoblar shaffofligidagi eng elementar va zaruriy qadam – issiq suv va isitish hisobini ajratmadi-ku hech qursa?".