platina.uz
Jamiyat

Din ishlari boʻyicha qoʻmita xorijdagi "rasmiy diniy taʼlim" boʻyicha ogohlantirdi

Amalda ular Oʻzbekiston tegishli idoralari tomonidan tan olinmagan markazlar hisoblanishi aytilgan. 

Din ishlari boʻyicha qoʻmita xorijdagi "rasmiy diniy taʼlim" boʻyicha ogohlantirdi

Din ishlari boʻyicha qoʻmita internet tarmogʻida xorijda "rasmiy diniy taʼlim" olish haqidagi eʼlonlarga munosabat bildirdi.

Soʻnggi vaqtlarda ayrim shaxslar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarimizni diniy taʼlim olish uchun chet elga chaqirish holatlari kuzatilmoqda.

Gap nima haqida?

Xususan, Misr, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Rossiya Federatsiyasi kabi mamlakatlardagi diniy taʼlim muassasalariga oʻqishga borishga daʼvat etuvchi chaqiriqlar va reklama eʼlonlari keng tarqatilmoqda.

Ushbu eʼlonlarda taʼlim maskanlari goʻyoki “qonuniy” yoki “rasmiy” sifatida koʻrsatilsa-da, amalda ular Oʻzbekiston Respublikasi tegishli idoralari tomonidan tan olinmagan hamda oʻsha mamlakatlardagi noqonuniy yoki ruxsatsiz faoliyat yurituvchi oʻquv markazlari hisoblanadi. Bu oʻrinda “rasmiy diniy taʼlim” iborasidan asosan koʻproq talabgorlarni jalb etish maqsadida foydalanilmoqda, deyiladi idora xabarida.

"Xavotirli jihati shundaki, bunday chaqiriqlar, koʻpincha, diniy aqidaparastlik va mutaassiblik gʻoyalarini singdirish, yoshlarimizni notoʻgʻri yoʻlga boshlash va ularning dunyoqarashiga salbiy taʼsir koʻrsatish xavfini oʻzida mujassam etadi.

Shu sababli, ota-onalar farzandlarining kimlar bilan muloqot qilayotganiga, internetda qanday maʼlumotlarni oʻqiyotganiga va qanday takliflarga javob berayotganiga eʼtiborli boʻlishlari shart.

Shundan kelib chiqib, fuqarolarga rasmiy diniy taʼlim faqatgina Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimdagi taʼlim muassasalarida berilishi, turli shaxslarning targʻibotiga uchmaslikni eslatgan holda, diniy bilimlarni oʻrganishga boʻlgan ehtiyojlarini ushbu taʼlim muassasalari imkoniyatlari orqali qondirishni tavsiya etib qolamiz," deya taʼkidlanadi munosabatda.

Hozirda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida 4 ta oliy va 10 ta oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalari faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shu bilan birga, 2018 yildan buyon hududlardagi 28 ta “Qurʼon va tajvid” kurslarida 77 mingga yaqin fuqaro taʼlim oldi.

Diniy idoraning “muslim.tv” internet platformasida barcha yosh toifalari uchun moʻljallangan onlayn Qurʼoni tajvidi darslari tashkil etilgan.

Xorijiy diniy taʼlim muassasalari diplomlari Oʻzbekiston hududida diniy sohada faoliyat yuritish uchun asos boʻlmasligi, taʼlimdan soʻng ishga joylashishda noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkinligini eslatib oʻtilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid