Imomali Rahmonning qizi yuqori lavozimga tayinlandi
Farzona Rahmon tibbiyot universitetini tugatgan va sogʻliqni saqlash tizimida ishlab kelayotgandi.

Tojikiston prezidentining 27 yoshli qizi Sogʻliqni saqlash vazirligida yuqori lavozimga ega boʻldi.
Tojikiston prezidentining kenja qizi Farzona Imomali mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligining islohotlar, birlamchi tibbiy yordam va xalqaro aloqalar boshqarmasini boshqaradi.
27 yoshida u allaqachon Tojikiston tibbiyot universitetining tibbiyot fakulteti diplomiga ega, pediatriya boʻyicha rezidenturani tamomlagan. Farzona 2023 yilda esa Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.
Prezidentning qizi hozir u rahbarlik qilayotgan boʻlimda 2021 yildan buyon mutaxassis boʻlib ishlagan.
Farzona Imomali Tojikiston Xalq demokratik partiyasi aʼzosi. Matbuot xabarida aytilishicha, u hozirda turmush qurmagan va yolgʻiz farzand tarbiyalaydi. Biroq OAVga koʻra, u 2022 yilda oʻsha paytdagi bosh prokuror Yusuf Rahmonning oʻgʻli Safarxon Rahmonga turmushga chiqqan. 2025 yilda Yusuf Rahmon lavozimidan ozod etildi.
Avval 2024 yil oxirida Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning toʻngʻich qizi Oʻgʻuljahan Otabayeva otasi nomidagi xayriya jamgʻarmasining tibbiy faoliyat boʻyicha vitse-prezidenti boʻlgani maʼlum boʻlgandi.
Imomali Rahmon va uning farzandlari
Tojikiston prezidenti farzandining yuqori mansabni egallashi yangilik emas. Prezidentning jami toʻqqiz farzandi bor. Masalan, oʻgʻli Rustam Imomali Tojikiston parlamenti rahbari, Dushanbe shahri hokimi sanaladi. Qizi Ozoda Rahmon esa prezident apparati rahbaridir.