platina.uz
Jamiyat

"Afrosiyob" poyezdiga nisbatan qoʻporuvchilik sodir etgan temiryoʻlchilar uzoq muddatga qamaldi

Ulardan biri brigadir lavozimidan boʻshatilib, boshqa ishga oʻtkazilganiga norozi boʻlib ushbu rejani tuzgan. 

"Afrosiyob" poyezdiga nisbatan qoʻporuvchilik sodir etgan temiryoʻlchilar uzoq muddatga qamaldi

"Afrosiyob" tezyurar poyezdiga nisbatan qoʻporuvchilik harakati sodir etgan temiryoʻlchilar uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu ishni temiryoʻl tizimida ishlovchi shaxslar sodir etgan.

Gap nima haqida?

Ishga avval “Temiryoʻlinfratuzilma” AJ Buxoro mintaqaviy temir yoʻl uzeli “Ziyovuddin temir yoʻl masofasi” korxonasida temir yoʻl toʻsiqlari boʻyicha brigadir lavozimida faoliyat yurituvchi shaxs boshchilik qilgan.

U Navoiy shahrida yashab, 2023 yilning dekabr oyida korxonada brigadir shtat birligi tugatilgach, u yoʻl sozlovchisi va temir yoʻl toʻsiqlari qoʻriqchisi vazifasiga ishga oʻtkaziladi.

Lekin, sobiq brigadir oʻz noroziligini rahbariyatga koʻrsatib qoʻyish maqsadida Karmana tumanida yashovchi, 1992 y.t. hamkasbi bilan jinoiy reja tuzadi.

Joriy yilning 14 yanvar kuni kechki vaqt ular Samarqand viloyatining Paxtachi tumani “Burqut” MFY hududida joylashgan “Ziyovuddin-Navoiy” temir yoʻl bekatlari oraligʻining 3872-km hududiga borib, ogʻirligi 110 kg boʻlgan temir-beton shpalni “Afrosiyob” elektropoyezdi harakatlanuvchi temir yoʻl relsi ustiga koʻndalang holatda qoʻyib, voqea joyidan yashirinishadi.

Oradan 15-20 daqiqa oʻtib, “Toshkent-Buxoro” yoʻnalishida 159 km/s tezlikda harakatlanayotgan, jami 148 nafar yoʻlovchisi boʻlgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi temir-beton shpal bilan toʻqnashadi. Buning natijasida poyezdning harakatlantiruvchi qismlariga jiddiy shikast yetadi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mazkur shaxslar ushlanib, ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 161-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borildi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Navbahor tuman sudi tomonidan esa qonunbuzarlar qoʻporuvchilik harakatini sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularning biriga 13 yil, ikkinchisiga esa 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, qoʻporuvchilik harakati natijasida jinoyatchilar tomonidan “Afrosiyob” poyezdiga 260 mln soʻm miqdorida zarar yetkazilganligi bois, ushbu pul mablagʻi davlat hisobiga undirib olingan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid