Prezident toʻqimachilikda "dolzarb yuz kunlik" eʼlon qildi
Klasterlar kreditidan vujudga kelgan 377 milliard soʻmlik penyadan voz kechiladi, paxtani oʻz vaqtida terib olish uchun subsidiya beriladi.

Toʻqimachilikda "dolzarb yuz kunlik" eʼlon qilindi.
Shavkat Mirziyoyev raisligida toʻqimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Gap nima haqida?
Selektorda toʻqimachilik sohasi boʻyicha muhim yangiliklar eʼlon qilinmoqda.
Prezident topshirigʻiga asosan toʻqimachilikda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlarning fikrlari oʻrganilgan.
“Ularni qiynayotgan masalalar bilan toʻliq tanishdim. Hozir yechimlarini aytaman. Bugundan toʻqimachilikda “dolzarb yuz kunlik” eʼlon qilamiz”, - dedi davlat rahbari.
Avvalo, ahvoli yomonlashgan ayrim korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish va tannarxni kamaytirish choralari belgilab olindi.
Joriy yilda klasterlarning kreditdan qarzdorligini garov qoʻyish sharti bilan 5 yilgacha uzaytirishga ruxsat berildi. Endilikda garov qoʻygan klasterlar faqat asosiy qarzni toʻlaydi.
Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasi va banklarga hisoblanadigan foizlar esa asosiy qarz toʻliq qoplanganidan keyin undiriladi. Bu orqali klasterlarda yiliga 800 milliard soʻm aylanma mablagʻ qoladi. Agar klasterlar ham asosiy qarz, ham foizini oʻz vaqtida toʻlasa, foizning Jamgʻarmaga ketadigan qismining yarmi tadbirkorga qaytariladi.
Klasterlarga 2022-2023 yillar hosili uchun berilgan kredit boʻyicha 1 avgust holatiga yuzaga kelgan 377 milliard soʻmlik penyadan voz kechiladi.
Tijorat kreditidan 2,2 milliard dollar majburiyati bor boʻlgan 144 ta korxonani sogʻlomlashtirish choralari ishlab chiqiladi. Faoliyatini barqarorlashtirish mumkin boʻlgan korxonalarning kredit muddati 7 yilgacha uzaytirib beriladi.
Shuningdek, paxtani oʻz vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 million soʻmdan subsidiya beriladi. Korxonalar oʻz mablagʻi hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi.
Endilikda toʻqimachilik zanjiridagi barcha korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilanadi.
Bunda, ijtimoiy reyestr boʻyicha talab bekor qilinadi, realizatsiyada toʻqimachilik ulushiga talab esa 90 foizdan 70 foizga tushiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tola, ip kalava va mato ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun ham bu soliqni yengillashtirish boʻyicha taklif kiritish topshirildi.