OAV: Tramp va Putin uchrashuvi harbiy bazada boʻlib oʻtadi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy uchrashuv natijalarini tan olmoqchi emas.

Tramp va Putin Alyaskadagi harbiy bazada uchrashadi.
Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Donald Trampning 15 avgustga rejalashtirilgan uchrashuvi Alyaskaning Ankorij shahridagi Elmendorf-Richardson havo kuchlari bazasida boʻlib oʻtadi.
Bu haqda Oq uydagi manbalarga asoslanib, CNN telekanali xabar berdi.
Telekanal manbalariga koʻra, AQSh rasmiylari sammitni oʻtkazish uchun joy topishda qiyinchiliklarga duch kelgan. Sayyohlik mavsumi tufayli Alyaskada deyarli hech qanday mos joy qolmadi. Juneau, Ankorij va Feyrbanksdagi variantlarni koʻrib chiqqach, tashkilotchilar faqat Ankorijda mos imkoniyatlar mavjud degan xulosaga kelishdi.
Oq uy vakillari Rossiya yetakchisi bilan harbiy obektda uchrashuv oʻtkazishdan qochmoqchi edi, biroq Elmendorf-Richardson tarixiy uchrashuv uchun barcha talablarga javob beradigan yagona joy boʻlib chiqdi, deya qoʻshimcha qildi manbalar.
Putin-Tramp sammiti oldidan
Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi jahon hamjamiyati eʼtiborida boʻlib turibdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Trampning ehtimoliy yon berishidan qoʻrqib, ushbu uchrashuvning Ukraina boʻyicha natijalarini tan olmasligini aytdi. Avval Ukraina urushni front chizigʻida toʻxtatib, muzlatishga rozi ekani haqida xabarlar tarqalgandi.