Ozar-arman kelishuvi: doʻstlar shod, dushmanlar gʻambod boʻlgan kun
Bu kelishuvdan AQSh, Ozarbayjon, Armaniston, Rossiya va Oʻzbekiston qanday manfaat koʻradi?

Armaniston va Ozarbayjon prezidentlari “Ikki davlat oʻrtasidagi muammolarni tinch yoʻl bilan hal etish haqida”gi qoʻshma deklaratsiyani imzoladi. Bu haqda Oq uy rahbari Donald Tramp ikki davlat rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan rasmiy marosimdan soʻng maʼlum qildi.
Rasmiy marosim 8 avgust kuni Vashingtonda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ishtirokida boʻlib oʻtdi. Tramp odatdagidek buni tarixiy tinchlik sammiti deb atadi. Biroq bu hujjat koʻproq haqiqiy kelishuvning muqaddimasi hisoblanadi.
Bu tarixiy voqea uzoq yillar davomida mustahkam tinchlik sari qadam boʻlishi mumkin, deyishmoqda ekspertlar. Shu bilan birga, Yerevan Konstitutsiyaviy darajada Togʻli Qoraboqqa daʼvolaridan voz kechganidan keyingina yakuniy kelishuvni kutish kerak. Imzolangan yana bir kelishuv – AQSh tomonidan Eron bilan chegaradagi Zangezur koridori ijaraga olinishini nazarda tutadi. Bunday qaror Vashington va Tehron oʻrtasidagi munosabatlarning keskinlashuviga olib kelishi mumkin va Rossiya ishtirok etayotgan “Shimol-Janub” loyihasini rivojlantirishga toʻsqinlik qiladi. Tramp, shuningdek, Rossiya hamda Ukraina bilan muloqot haqida ham gapirdi. Bundan tashqari, 9 avgustga oʻtar kechasi u Vladimir Putin bilan boʻlajak uchrashuv joyi va sanasini – uchrashuv15 avgust kuni Alyaskada oʻtkazilishini ham aytdi.
Urush holatini tugatish toʻgʻrisidagi deklaratsiya va tinchlik shartnomasi oʻrtasidagi farq.
Deklaratsiya bu: “Biz endi urishmayapmiz” degan bayonotdir. Tinchlik shartnomasi – bu “Biz tinchlikni taʼminladik, nizolarni hal qildik va qoidalarni belgilab oldik”, degan maʼnoni anglatuvchi shartnoma.
Misol uchun, SSSR va Yaponiya 1956 yilda urush holatini tugatish toʻgʻrisidagi deklaratsiyani imzoladi, ammo Kuril orollari masalasi hal etilmagani uchun Rossiya va Yaponiya oʻrtasida haligacha tinchlik shartnomasi imzolanmagan. Muxtasar qilib aytganda, deklaratsiya – harbiyharakatlar toʻxtatilganini anglatadi. Tinchlik shartnomasi keyingi hamma jihatlarni tartibga soladi. Deklaratsiya – bu tinchlik shartnomasi emas, ammo uni yakuniy ratifikatsiya qilish uchun mustahkam asos yaratadi.
Boku va Yerevan 9 avgustda Vashingtonda deklaratsiya imzolashdi. Hali oldinda asosiy va yakuniy hujjat – tinchlik shartnomasini imzolash turibdi.
Yerevan-Boku kelishuvidan kimga foyda?
Ozarbayjon
Yerevan va Boku diplomatik munosabatlarni tiklashga va harbiy qarama-qarshilikni butunlay tugatishga kelishib olishdi. Tramp, agar tomonlardan biri tinchlik bitimini buzsa, Armaniston va Ozarbayjon uning aralashuviga ishonishi mumkinligini aytdi.
“Ular 35 yil kurashdi, endi ular doʻst”, dedi Tramp oʻzining kirish soʻzida.
Deklaratsiyani imzolash marosimida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, “agar hamkasbim Nikol Pashinyan ham rozi boʻlsa, birgalikda AQSh prezidenti nomzodini tinchlik boʻyicha Nobel mukofotiga tavsiya qilamiz”, deya taklif berdi. Armaniston bosh vaziri bunga rozligini aytib, “hoziroq tavsiya hujjati loyihasini imzolashim mumkin”, dedi.
Oq uy rahbari, shuningdek, Qoʻshma Shtatlar Armaniston va Ozarbayjon bilan energiya, savdo va sunʼiy intellekt sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olganini maʼlum qildi. Vashington Boku bilan harbiy hamkorlikdagi cheklovlarni bekor qilmoqda.
8 avgust kuni imzolangan yana bir kelishuv AQShga Janubiy Kavkazdagi Zangezur koridorini rivojlantirish boʻyicha eksklyuziv huquqlarni beradi. Trampga koʻra, u 99 yilga uzaytirilishi mumkin. Yoʻlak TRIPP (Trump Route for International Peace and Prosperity) – “Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp yoʻli” degan dabdabali nomga ega boʻladi va Armaniston qonunlariga muvofiq ishlaydi. Vashington yoʻlakni u yerda infratuzilma quradigan xususiy kompaniyaga ijaraga beradi. Armaniston janubidan oʻtuvchi Zangezur transport yoʻlagi Ozarbayjon va uning eksklavi Naxchivan Muxtor Respublikasi hududlarini bogʻlaydi.
Uchrashuvdan oldin ham Oq uy Ozarbayjon, Armaniston va AQSh rahbarlari Boku va Yerevan oʻrtasidagi ishni tinch yoʻl bilan hal etish va ikki Janubiy Kavkaz respublikasi oʻrtasida transport yoʻlagi yaratish boʻyicha qoʻshma deklaratsiya qabul qilishlari haqida xabar bergan edi. AQSh Davlat departamenti tomonlar faqat tinchlik shartnomasining boshlanishi boʻladigan kelishuvni imzolashi mumkinligini taʼkidladi. Shunga qaramay, agar ikki davlat oʻrtasida mustahkam tinchlik oʻrnatilsa, bu haqiqatan ham tarixiy voqea boʻlishi mumkin.
Lekin tomonlar Vashingtonda yakuniy yirik tinchlik bitimini tuza olishmadi. Buning uchun Yerevan hech boʻlmaganda mamlakat Konstitutsiyasini oʻzgartirishi kerak boʻladi. Ilhom Aliyev avvalroq Armanistonning asosiy qonunida Togʻli Qorabogʻ bilan birlashishni nazarda tutuvchi band mavjud ekan, mamlakatlar oʻrtasida tinchlik shartnomasini tuzish mumkin emasligini aytgan edi.
Konstitutsiyani oʻzgartirish uchun, albatta, referendum oʻtkazish kerak. Kelgusi yil esa Armanistonda parlament saylovlari boʻlib oʻtadi. Asosiy siyosiy intriga Tramp Pashinyanni saylov oldidan referendum oʻtkazishga ishontira oladimi yoki yoʻqmi, degan savol atrofida boʻladi.
Mart oyida Armaniston bosh vaziri Togʻli Qorabogʻ bilan birlashish haqidagi misralar mavjud boʻlmagan yangi Konstitutsiyani qabul qilish boʻyicha referendum faqat 2027 yilda oʻtkazilishi rejalashtirilganini aytdi. Shunday qilib, Vashingtonda “dastlabki” hujjatlarni imzolaganidan soʻng Tramp Pashinyanni respublikaning asosiy hujjatini oʻzgartirish masalasini imkon qadar tezroq hal qilishga koʻndirishi kerak boʻladi.
Umuman olganda, 2025 yil mart voqealari koʻrsatganidek, Boku va Yerevan shartnomaning yakuniy variantini mustaqil ravishda kelishib olishga muvaffaq boʻlgan, har ikki tomon ham mustahkam tinchlik oʻrnatishga tayyor. Albatta, bu imzolash marosimida ishtirok etgan barcha tomonlar oʻzi uchun foyda olishadi. Ayniqsa, Aliyev uchun bu haqiqiy gʻalaba degani, chunki ozar xalqi uchun bu urushdagi muvaffaqiyatning xalqaro miqyosda rasman eʼtirof etilganini anglatadi.
Armaniston
Armaniston bosh vaziri Pashinyan Gʻarbdan koʻproq qoʻllab-quvvatlash va sarmoya olish, Turkiya bilan chegaralarni ochish va aloqalarni tiklash uchun nihoyat Boku bilan ziddiyatlar mavzusini yopish niyatida. Avvalroq Armaniston bosh vaziri Rossiyadan uzoqlashib, Yevropaga yaqinlashish uchun bir qator qadamlar qoʻygan edi. Jumladan, 2024 yil iyun oyida u aniq vaqtini koʻrsatmasdan, Armaniston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan (KXShT) chiqishini eʼlon qildi. Hozircha Yerevan tashkilot tadbirlarida ishtirok etmayapti. Oʻsha yili Armaniston mudofaa vazirligi Fransiya bilan harbiy hamkorlik dasturi imzolanganini eʼlon qilgan edi.
AQSh
AQSh prezidenti Donald Tramp, oʻz navbatida, tinchlikparvar va vositachi rolini oʻynashda davom etib, siyosiy ochkolarni qoʻlga kiritmoqchi. Aliyev avvaldan omma oldida Tramp nomzodini Tinchlik uchun Nobel mukofotiga koʻrsatish tashabbusini ilgari surgan va Pashinyan bunga qarshi chiqmagan edi.
AQSh, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi amerikaliklar nazarida Donald Tramp uchun katta gʻalaba. Bu Trampning ichki siyosiy ritorikasi uning tashqi siyosatdagi qadamlarini belgilashini namoyon qiladi.
Rossiya
Biroq Rossiyaning bu jarayondan chetda qolgani siyosiy rashk uygʻotgani ham ayni haqiqat. Misol uchun, shu yil iyul oyida Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova “Gʻarb Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi yarashuv jarayonini oʻz “hisobiga” oʻtkazishni maqsad qilgan, bu esa mintaqadagi xavfsizlik tizimidagi nomutanosiblikka olib kelishi mumkin” degan edi. “Biz bu yoʻllar odatda qayerga olib borishini ham bilamiz. Bu yana bir bor siyosiy ochko toʻplash, koʻproq muvaffaqiyatlar, oʻz saʼy-harakatlarini eʼlon qilish uchun amalga oshirilgan koʻrinadi", deya qoʻshimcha qilgan Mariya Zaxarova.
Lekin parda ortidagi siyosiy oʻyinlardan maʼlumki, Rossiya bu mintaqada, umuman hech qayerda batamom tinchlik va doʻstlik boʻlishini istamaydi. Bu subʼektlar oʻzaro birlashib, katta kuchga aylanishi va unga boʻysunmay qolishidan qoʻrqadi. Rossiya deyarli ikki asrdan beri, “boʻlib tashlab hukmronlik qil” degan tamoyil asosida, kerak boʻlsa, tomonlarni urishtirib qoʻyib, qozilik qilish siyosatini yuritishga oʻrgangan. Hatto Ozarbayjon birinchi urinishda Qorabogʻni butunlay qaytarib olishiga bir baxya qolganida, buning uchun barcha sharoiti va imkoniyati yetarli boʻlgani holda, Rossiya tomoni turli bahonalar bilan mojaroni muzlatib qoʻygani yodingizda boʻlsa kerak.
Endi Janubiy Kavkazda Amerika taʼsiri kuchayadimi?
Albatta, mazkur uchrashuv oldidan tinchlik kelishuvidan tashqari hujjatlar imzolanishi mumkinligi haqida xabarlar mavjud edi. Reuters agentligi xabariga koʻra, ular 1992 yilda Togʻli Qorabogʻ boʻyicha mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilishga koʻmaklashish maqsadida tuzilgan YeXHT Minsk guruhini tugatish toʻgʻrisidagi kelishuvni oʻz ichiga olishi kerak edi. Uning hamraislari orasida Rossiya ham bor edi. Avvalroq Moskva tinchlik bitimini tayyorlashda asosiy rol oʻynagan. Unga qaratilgan “harakatning asosiy yoʻnalishlari” Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining 2020 va 2022 yillardagi uch tomonlama kelishuvlarida belgilab berilgan, dedi Rossiya TIV rahbari oʻrinbosari Mixail Galuzin. “Ayni paytda esa Rossiya Ukrainadagi mojaro bilan ovora boʻlib turibdi, bu uning ikki davlat oʻrtasidagi vositachi roliga salbiy taʼsir qildi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgani barcha sohalarda qimmatga tushgani barobarida, nafaqat Kavkaz, balki butun dunyodagi geosiyosiy maqomiga ham salbiy taʼsir qilmoqda.
Galuzinning fikricha, Rossiya ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda, hech kimni provokatsiya qilmayapti. Ammo bu jarayon (AQSh bilan kelishuvlar imzolanishi) Rossiyaning Armaniston va Ozarbayjon bilan iqtisodiy munosabatlariga hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi, deya taʼkidlaydi Galuzin.
AQShning Zangezur yoʻlagini ijaraga olishiga kelsak, AQShning Eron bilan chegara yaqinidagi ushbu uchastkada operativ nazorati Tehron va Moskva uchun geosiyosiy va iqtisodiy xavotir uygʻotishi tabiiy. Eron hukumati ayniqsa Vashington taʼsiri ortishidan xavotirda turibdi.
Tehron bu jarayonni Vashingtonning Eron chegarasi yaqinida potensial keskinlik zonasini yaratishga urinishi, shuningdek, keskinlikning yangi toʻlqiniga tayyorgarlikning bilvosita belgilaridan biri sifatida baholaydi. Boshqa tomondan, Tehron ham Boku, ham Yerevan bilan munosabatlarni normal oʻzanga solish uchun katta saʼy-harakatlarni amalga oshirayotganini eʼtibordan soqit qilmaslik lozim.
Bundan tashqari, Janubiy Kavkazda amerikaliklarning mavjudligi Rossiyani Eron orqali Hindiston bilan bogʻlash uchun moʻljallangan “shimol-janub” ambitsiyali transport yoʻlagining rivojlanishiga taʼsir qilishi mumkinligi aytilmoqda. Qizigʻi shundaki, 2020-2021 yillarda Moskva ham Armaniston hududi orqali Ozarbayjondan Naxichevanga tovarlar olib oʻtish mexanizmini taklif qilgan, biroq oʻsha paytdagi notinch va noaniq geosiyosiy vaziyatda bu gʻoya qoʻllab-quvvatlanmagan edi.
AQSh Zangezur yoʻlagini ijaraga olgandan soʻng, xususiy harbiy kompaniyalar darhol bu hududga kelishadi. Shunday qilib, amerikalik askarlar haqiqatan ham Eron bilan chegarada oʻrnashadi. Shuningdek, joriy yilning 12-20 avgust kunlari Armanistonda AQSh bilan qoʻshma harbiy mashgʻulotlar – manyovrlar oʻtkazishi ham Vashingtonning Janubiy Kavkazdagi harbiy ishtiroki kuchayganidan dalolat beradi. Kreml avvalgi shunga oʻxshash harbiy mashgʻulotlarni izohlarkan, ular “vaziyatni barqarorlashtirishga hissa qoʻshmasligini” taʼkidlagan edi.
Bizga nima foydasi bor?
Taʼkidlash kerak, Toshkent Ozarboyjon va Armaniston oʻrtasidagi kelishuvni olqishladi. Oʻzbekiston barcha tomonlarning koʻp yillik mojaroni bartaraf etishga qaratilgan saʼy-harakatlariga yuqori baho berdi.
Bu shunchaki diplomatik protokol va xushmuomalalik uchun tayyorlangan “navbatdagi” rasmiy bayonot emas. Oʻzbekiston, umuman butun Markaziy Osiyo mintaqasi Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasida tinchlik boʻlishi va Kavkaz hamda Yevropaga olib chiquvchi Oʻrta koridorning ochilishidan katta manfaatdor. Bu yoʻl Rossiyaga logistik va siyosiy qaramlikni kamaytiradi, tashqi siyosatdagi muvozanatni taʼminlaydi. Tashqi iqtisodiy va siyosiy diversifikatsiya uchun kengroq manyovrlar imkoniyatini yaratadi.
Abulfayz Sayidasqarov