platina.uz
Jamiyat

Oliy sud "Kusherbayev ishi" boʻyicha maʼlumot berdi

Sud dastavval Kusherbayevga aliment toʻlash majburiyatini yuklagan va soʻngra bekor qilgan. 

Oliy sud "Kusherbayev ishi" boʻyicha maʼlumot berdi

Oliy sud sobiq deputat, Ekologiya vazirligi maslahatchisi Rasul Kusherbayev ishi boʻyicha bayonot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Kusherbayevdan aliment undirish bilan bogʻliq masala keng muhokama etilmoqda. “Sud avvaliga aliment undirish toʻgʻrisida sud buyrugʻi chiqarib, soʻngra shu buyruqni oʻsha sudning oʻzi bekor qilibdi” degan mazmundagi koʻplab fikrlar yuzaga kelmoqda.

Shu kabi tushunmovchiliklarga barham berish maqsadida ushbu ishning qisqa bayoniga eʼtibor qaratish zarur, deydi Oliy sud matbuot xizmati.

Gap nima haqida?

Toshkent shaxar fuqarolik ishlari boʻyicha Yakkasaroy tumanlararo sudiga 2025 yil 26 iyun kuni arizachi Sh. I. ariza bilan murojaat qilgan. U qarzdor R. K.dan voyaga yetmagan farzandi taʼminoti uchun sud buyrugʻi chiqarishni soʻragan.

Mazkur sudning 2025 yil 28 iyundagi sud buyrugʻi bilan bilan arizachi Sh. I.ning arizasi qanoatlantirilgan. Unga koʻra qarzdor R. K.dan undiruvchi Sh. I.ning foydasiga bir nafar 2023 yil 5 oktabr kuni tugʻilgan M. K. ismli voyaga yetmagan qiz farzandining taʼminoti uchun 2025 yil 28 iyundan boshlab u voyaga yetgunga qadar har oy jami daromadining ¼ qismi miqdorida aliment undirilishi belgilangan.

Shuningdek, qarzdor R. K.dan undiruvchi Sh. I.ning foydasiga pochta xarajati va qarzdordan davlat foydasiga davlat boji undirilishi belgilangan.
Shundan soʻng qarzdor R. K. sudning 2025 yil 28 iyundagi sud buyrugʻidan norozi boʻlib, 2025 yil 21 iyul kunida mazkur buyruqqa nisbatan eʼtiroznoma keltirgan.

Bu Fuqarolik protsessual kodeksining 181-moddasiga toʻla mos keladi. Mazkur moddaga asosan:

“Qarzdor arz qilingan talabga qarshi eʼtirozlarini buyruqni bergan sudga sud buyrugʻining koʻchirma nusxasini olgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda yuborishga haqli. Bunday holda sudya sud buyrugʻini bekor qilib, bu haqda ajrim chiqaradi. Sud buyrugʻini bekor qilish toʻgʻrisidagi ajrimda sudya undiruvchi bildirgan talab daʼvo ishini yuritish tartibida taqdim etilishi mumkinligini tushuntiradi. Sud buyrugʻini bekor qilish toʻgʻrisidagi ajrimning koʻchirma nusxasi ajrim berilganidan keyin uch kundan kechiktirmay undiruvchiga va qarzdorga imzo qoʻydirib topshiriladi yoki ularga pochta orqali yoxud elektron hujjat tarzida yuboriladi”.

Sud mazkur modda va boshqa qonuniy talablardan kelib chiqib, ushbu sudning 2025 yil 23 iyuldagi ajrimi bilan R. K.ning aliment undirish haqidagi sud buyrugʻini bekor qilish haqidagi arizasini qanoatlantirgan.

Shundan soʻng daʼvogar Sh. I. fuqarolik ishlari boʻyicha Yakkasaroy tumanlararo sudiga 2025 yil 5 avgust kuni javobgar R. K.ga nisbatan aliment undirish haqidagi daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.

Ushbu daʼvo ariza yuzasidan fuqarolik ishi qoʻzgʻatilib, ish yurituviga qabul qilingan. Fuqarolik ishini sud majlisida koʻrib chiqish 2025 yil 15 avgust kuniga soat 16:00ga tayinlangan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid