OAV: Ukraina Putin-Tramp sammiti oldidan pozitsiyasini yumshatdi
Mamlakat NATOga aʼzo boʻlish va urushni toʻxtatish yoʻlida Rossiya bosib olgan hududlardan vaqtincha voz kechishi mumkinligi haqida xabar tarqaldi.

Ukraina tomoni 2022 yil fevralidan buyon davom etayotgan qonli urushni toʻxtatish va NATOga aʼzo boʻlish yoʻlini qoʻlga kiritish uchun hududning bir qismidan voz kechishi mumkin. Bu haqda Britaniyaning The Daily Telegraph gazetasi manbalarga asoslarib xabar berdi.
Gap nima haqida?
Manbalarga koʻra, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa yetakchilariga Donald Tramp taklif qilgan, hali ham oʻz nazorati ostidagi Ukraina yerlaridan voz kechishni nazarda tutadigan har qanday tinchlik kelishuvini rad etishlari kerakligini aytgan.
Biroq, allaqachon Rossiya tasarrufida boʻlgan Ukraina hududlari muhokama mavzusi boʻlishi mumkin.
Gazetaning qayd etishicha, bunday harakat front chizigʻini muzlatib, Lugansk, Donetsk, Zaporoje, Xerson va Qrimda bosib olgan hududlar ustidan nazoratni Rossiyaga vaqtincha topshirishni anglatadi. Kiyev pozitsiyasining yumshashi Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻrtasidagi 15 avgust kuni Alyaskada boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan muzokaralar arafasida yuz berdi.
Biroq rasmiy Kiyev bu xabarlarni tasdiqlaganicha yoʻq. Avvalroq Zelenskiy hududlarni topshirish uning qoʻlida emasligi, Ukraina konstitutsiyasida hamma narsa yozilgani haqida gapirgandi.
Putin, Tramp va Ukraina
9 avgust kuni Donald Tramp 15 avgust kuni Alyaskada Vladimir Putin bilan Ukrainadagi mojaroni tartibga solish masalalarini muhokama qilish uchun uchrashishiga umid bildirdi. Kreml sana va joyni tasdiqladi. CBS News xabariga koʻra, Vladimir Zelenskiy munozaralarga qoʻshilishi mumkin.
Ukraina va Yevropa davlatlari Kiyevning ishtirokisiz muammo hal etilmasligini taʼkidlamoqda.