Nega haydovchisiz avtomobillarga oʻtishga majburmiz?
Chunki odamzot – juda xavfli haydovchi, uning qanday qaror qilishini oldindan aytib boʻlmaydi, uning reaksiyasi sekinroq va boshqa avtopilotli transport vositalari bilan aloqa qila olmaydi.

Biz elektromobil yaxshimi yoki ichki yonuv dvigatel yordamida harakatlanadigan avtomobillarda qolish afzalmi, deya bahslashayotgan bir paytda dunyoda yana bir tanlov vujudga keldi. Avtopilotli, yaʼni haydovchisiz, sunʼiy intellekt boshqaradigan avtomobillarga toʻliq oʻtish masalasi kun tartibiga chiqdi.
Ayniqsa, AQShda bu masala qizgʻin munozaralarga sabab boʻlmoqda. Boisi, hozirda deyarli barcha zamonaviy texnologiya va uskunalar ilk marta AQShda paydo boʻladi va keyin dunyoga tarqaladi. Avtopilotli avtomobillar gʻoyasi ham ilk marta shu mamlakatda hayotga tatbiq etilib, takomillashtirib borilmoqda.
Inson omili avtohalokatlar sababchisi boʻlmoqda
AQShda har yili oʻrtacha 40 000 ga yaqin odam yoʻllarda halok boʻladi. Bundan tashqari, 5 mln.ga yaqin oʻlimga olib kelmaydigan jarohatlar olib, tibbiy yordamga muhtoj boʻladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri tibbiy xarajatlar 836 milliard dollarni yoki yiliga bir amerikalik uchun taxminan 2700 dollarni tashkil etadi.
Baxtsiz hodisalarning aksariyati – taxminan 94 foizi inson omili – charchoq, uxlab qolish, eʼtiborsizlik, mastlik, tezlikni oshirish tufayli sodir boʻladi. Avtopilotdagi avtombillar charchamaydi, chalgʻimaydi va yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya qiladi. Bunday mashinalar lidarlar, radarlar va kameralar yordamida butun atrofni 360 darajada koʻra oladi. Ularning reaksiya vaqti millisekundlarda oʻlchanadi, bu esa odamdagi qobiliyatdan oʻnlab marta tezroq deganidir. Ular bir-birlari bilan ham oʻzaro “muloqot qila oladi” – tirbandlikdagi avtopilotlar bir-birlarini keskin toʻxtash yoki boshqa manyovrlar boshlanishidan oldin xabardor qilib, axborot almashishlari mumkin. Natijada baxtsiz hodisalar va qurbonlar kamayadi, kasalxonalar va tez yordam mashinalariga ehtiyoj pasayadi. Bunday hodisalar uchun toʻlanadigan sugʻurta pullarining hajmi kamayadi.
Avtomobillarni soddalashtirish va yengillashtirish
Zamonaviy avtomobillar juda ogʻir. Ushbu vaznning muhim qismi faol va passiv xavfsizlik tizimlari bilan band. Ogʻir avtomobil yoʻlovchilarini oʻldirmasdan, toʻqnashuvga bardosh berishi kerak. Havo yostiqchalari, qattiq oʻrindiqlar, maydalanadigan strukturaviy elementlar, xavfsiz parchalanib sinadigan maxsus shisha oynalar, xavfsizlik uchun moslashtirilgan bamperlar va boshqalar avtomobil vaznini oshiradi. Koʻproq ogʻirlik koʻproq kuch va energiya – yaʼni kuchliroq va ogʻirroq motor talab qiladi, bu esa ogʻirlikni yanada oshiradi.
Shuningdek, avtopilot korpusi yoʻlovchilarni koʻp tonnali transport vositalari bilan toʻqnashuvdan emas, faqat yomon ob-havodan himoya qilishi kifoya – chunki yoʻllarda baxtsiz hodisalar deyarli yuz bermaydi. Avtomobillar bugungi kunga qaraganda ancha yaxshiroq aerodinamik shamoyilga kiradi. Masalan, orqani koʻrish uchun moʻljallangan yon oynaning oʻzi havoga qarshilik qilgani bois, mashinani ortiqcha zoʻriqtirib, yoqilgʻi sarfini 5 foizga oshiradi. Avtopilot uchun yon oyna kerak emas, demakki aerodinamika yaxshilanadi. Faqat inson uchun zarur bu kabi “ashqol-dashqollar” avtopilotli mashinaga oʻrnatilmasligi bois, mashina vazni yengillashadi. Natijada asfalt va boshqa qoplamali yoʻllarga bosim kamayadi, yoʻllar uzoqqa chidaydi, ularni tez-tez taʼmirlashga hojat qolmagani bois ortiqcha mablagʻ tejaladi.
Vaqt – bu pul va umr, yoki tashvishlar kamayishi – sogʻlik garovi
Oʻrtacha shaharlik yiliga 300 dan 500 soatgacha vaqtini faqatgina ishga borib-kelish uchun yoʻlga sarflaydi. Bu vaqtni qimmatli, qaytmas va qancha yilligi kafolatsiz aziz umrimizdan yulib olamiz. Tirbandlikda qolib asabiylashamiz, diqqatimizni yoʻlga qaratib charchaymiz. Avtopilot transport vositasi esa uy va ish oʻrtasidagi shaxsiy makoningizga aylanadi. Mashina oʻzi sizni ishga olib boradi. Siz bu vaqtni oʻzingiz uchun sarflaysiz: istasangiz uxlang yoki dam oling, istasangiz filmlar tomosha qiling, kitob oʻqing, meditatsiya qiling. Bu vaqt avtomobil haydashdan koʻra mazmunliroq narsaga sarflanishi mumkin.
Shuningdek, haydovchisiz transport vositalarida muntazam texnik xizmat koʻrsatish deyarli nolga kamayadi – mashina yurgan dastlabki 100 000 km uchun taʼmir talab qilinmaydi. Odamlar avtotrasport vositalarini haydashni oʻrganish, yoʻl harakati qoidalarini yodlash va imtihonlarni topshirish uchun vaqt va mablagʻ sarflashlari shart emas. Avtomobilni yuvish, yoqilgʻi solish, taʼmirlash, texnik koʻrikdan oʻtish, oʻt oʻchirish vositasi va birinchi tibbiy yordam toʻplamini sotib olish va hokazo tashvishlardan qutulasiz.
Yer maydonining tejalishi
Hozirda shaharlarimizning katta hududlari (baʼzi maʼlumotlarga koʻra, markazlarda 30-40% gacha) avtoturargohlar bilan band. Hozirda oʻrtacha mashina kuniga atigi ikki soat yuradi – qolgan vaqtlarda u bitta joyda qolib, yerni bekorga band qiladi. Hamma koʻchalarimiz, hovlilarimiz toʻxtab turgan mashinalar bilan toʻlgan. Avtopilotlar tatbiq etilsa, hozirda avtoturargohlar egallab turgan katta maydonlar ozod qilinadi. Ularni bogʻlar, maydonlar, piyodalar uchun hududlar, velosiped va yugurish yoʻlakchalari, kafelar, oʻyin maydonchalariga aylantirib, shaharlarni yanada yashil va yashash uchun yanada yoqimli qilish mumkin boʻladi. Avtopilotli elektromobillarga oʻtish esa shaharlarimizni yanada toza va tinchroq qiladi.
Shu oʻrinda savol tugʻilishi mumkin: axir avtopilotli mashina ham baribir joyni band qiladi-ku? Gap shundaki, toʻliq avtonom avtomobillarda (SAE shkalasi boʻyicha 4-5 daraja) egalik qilish va foydalanish konsepsiyasi odatiy shaxsiy mashinalardan tubdan farq qiladi.
Odatda, mashinangiz deyarli kun davomida avtoturargohda turadi, chunki u faqat sizga kerak, qolgan paytlarda esa bekor yotadi. Avtopilotli avtomobillarda esa vaziyat butunlay boshqacha:
Umumiy foydalanish (robotaksi)
Avtopilotli mashinalar majburiy ravishda bir “xoʻjayin”ga tegishli boʻlishi shart emas. Ular taksi kabi chaqiruv asosida ishlaydi: sizni manzilingizga yetkazib qoʻyadi – darhol boshqa yoʻlovchiga xizmat qilish uchun yoʻl oladi.
Avtopilotli mashina vaqtning asosiy qismini harakatda oʻtkazadi, bekor turmaydi, shuning uchun sizni uyingiz yoki ishxonangiz yonida "kutib oʻtirishi" shart boʻlmaydi.
Markazdan tashqaridagi vaqtinchalik turargohlar
Avtonom mashina “dam olishi” (quvvatlash yoki texnik xizmat) kerak boʻlganida, uning oʻzi har bir qarich yeri qimmat boʻlgan shahar hududidan tashqaridagi maxsus turargoh yoki quvvatlash stansiyasiga ketadi. Shahar markazi avtoturargohlardan boʻshaydi.
Mobil joylashuv
Istagan paytingizda avtopilotli avtomobilni chaqirib olish mumkin boʻlgani uchun uni uyingiz oldida ushlab turishning hojati yoʻq. Avtoparklar sanoat zonalarida, yer ostida yoki piyoda hududidan tashqaridagi koʻp qavatli turargohlarda joylashishi mumkin.
Avtomobillar sonining kamayishi
Bir robotaksi 6-10 ta shaxsiy mashinaning oʻrnini bosa oladi, chunki u kun davomida ishlaydi. Mashinalar soni kamaysa, turargohga ehtiyoj ham kamayadi.
Shu tariqa, avtopilotli taksilari rivojlangan shaharlarda turargohlarning 70-90 foizini yashil hududlar, velosiped yoʻlaklari, kafe hamda bolalar maydonchasiga aylantirish mumkin boʻladi.
Bunday istiqbolda avtomobil sotib olish uchun mablagʻ sarflash, olgandan keyin esa unga xizmat koʻrsatish – yuvish, taʼmirlash va boshqa tashvish hamda xarajatlardan forigʻ boʻlasiz.
Avtomobillar kamayishi esa ekologiya uchun ham foydali – yer va havoga zararli chiqindilar taʼsiri hamda inson salomatligiga zarari kamayadi.
Xarajatlarni tejash
Avtopilotli mashinalarga oʻtish – avtomobilga egalik qilish modelini ham oʻzgartiradi. Shaxsiy avtomobil oʻrniga avtopilot mashinaga “obuna” boʻlasiz, bu katta pul tejaydi. Koʻp qavatli binolar ostidagi yertoʻla garajlarini qazish yoki xususiy uyda garaj uchun joy ajratishning hojati qolmaydi (uy-joy narxi pasayadi, toʻxtash joyiga ehtiyoj yoʻqoladi). Ota-onalar farzandi uchun “shaxsiy taksi haydovchisi” boʻlishlari shart boʻlmay qoladi. Bitta avtopilot oʻnlab shaxsiy avtomobillar oʻrnini bosishi mumkin, chunki u kechayu kunduz ishlatiladi.
Ehtimol, avtopilotlarning ommaviy joriy etilishi jamoat transportini keraksiz qilib qoʻyadi – avtomobilda safar qilish poyezdlar va avtobusda tiqilib va dimiqib yurishdan koʻra arzonroqqa tushadi.
Tirband boʻlmagan yoʻllar
Yagona, muvofiqlashtirilgan oqimda harakatlanayotgan avtopilotli mashinalar bir-biriga ancha yaqinroq – katta oraliq saqlamasdan va optimal tezlikda safar qilishlari mumkin. Bu yoʻllarni ortiqcha kengaytirmagan holda ularning oʻtkazish qobiliyatini 2-3 barobarga oshiradi. Xavfli tezlashuv va tormoz berishsiz silliq, optimallashtirilgan harakat esa energiya sarfini sezilarli darajada kamaytiradi. Kamroq tirbandlik – ancha yuqori tezlik deganidir.
Siz qaysi tarafdasiz?
Umuman olganda, hamma joyda uchuvchisiz transport vositalarini joriy qilsak, bizni ajoyib kelajak kutmoqda. Kelajakda shaxsiy avtomobilga ega boʻlish – bugungi kunda xuddi shaxsiy eshak yoki otga ega boʻlish kabi arxaik rudiment hodisa boʻlib qoladi. Bundan tashqari, kelajakda odam boshqaradigan mashinalarga shahar koʻchalarida harakatlanishga shunchaki ruxsat berilmaydi. Chunki odamzot – juda xavfli haydovchi, uning qanday qaror qilishini oldindan aytib boʻlmaydi, uning reaksiyasi sekinroq va boshqa avtopilotli transport vositalari bilan aloqa qila olmaydi.
Eski davrlarni qoʻmsaydigan keksa avlod yoki nostalgiya ishqibozlari boʻlgan yoshlar esa shahar ichida emas, balki shunday avtomobil egalari uchun maxsus ajratilgan maydonlarda sayr qilib, drift qilib, poyga oʻynashlari mumkin boʻladi.
Ehtimol bunday istiqbol sizga kulgili va fantastik tuyulishi mumkin. Lekin inson havoda parvoz qilishi uchun 5000 yil kerak boʻlgan edi: 1903 yil 17 dekabrda aka-uka Raytlar odamzot tarixida ilk marta sunʼiy parvoz apparatida havoga koʻtarilishdi. Odam fazoga chiqishi uchun esa atigi 58 yil kerak boʻldi: 1961 yil 12 aprelda Yuriy Gagarin Yer orbitasiga uchib chiqa oldi. Insoniyat taraqqiyoti geometrik progressiya tarzida oʻsib borayotganini inobatga olsak, siz hozirgina oʻqib, tanishgan manzaraga yaqin 10-20 yil ichida oʻzingiz guvoh boʻlsangiz, ajab emas.
Abulfayz Sayidasqarov