platina.uz
Iqtisod

Naqdsiz toʻlovlar uchun qulayliklar kengaytiriladi

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun yangi rejim ishga tushadi. Prezident yashirin iqtisodiyot boʻyicha koʻrsatkichlar bilan tanishdi. 

Naqdsiz toʻlovlar uchun qulayliklar kengaytiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 avgust kuni yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish mamlakatimizda strategik vazifaga aylangan. Iqtisodiyot ravnaqi, aholi bandligi va turmush farovonligida bu sohaning oʻrni juda katta. Shu bois biznes yuritish qoidalari soddalashtirilib, qulayliklar oshirib borilmoqda. Raqamli texnologiyalar ommalashayotgani bunda qoʻl kelayotir.

Endi buni davom ettirgan holda, shaffof tadbirkorlik muhitini shakllantirish, naqdsiz toʻlovlar uchun qulayliklarni kengaytirish koʻzda tutilmoqda.

Unga koʻra, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun 2030 yil 31 dekabrga qadar maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazishdan tortib hisobotni topshirishgacha boʻlgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan raqamli platformalar yaratiladi. Jumladan, faoliyatni rasmiylashtirish, bank hisobvaraqlari ochish va boshqarish, soliqlarni hisoblash va toʻlash, hisob-kitoblar qilish va fiskal cheklarni shakllantirish ushbu raqamli platformalar orqali yuritiladi.

Bu tizimda elektron hamyon ochilishi tadbirkorlarga daromadlarni qabul qilish, xodimlar, kontragentlar va tashkilotlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash imkoniyatini beradi. Elektron hamyonga ega boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun bank hisobvaraqlarini ochish ixtiyoriy boʻladi.

2025 yil 1 noyabrdan boshlab, bu jarayonlarda “QR-kod” va “tap to pay” texnologiyasidan foydalaniladi. Hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolash mumkin boʻladi. Bu maʼlumotlar qogʻoz nusxadagi hujjatlar bilan tenglashtiriladi. “Kunlik toʻlov” tartibi tajriba tariqasida joriy etilib, xodimlarga toʻlovlarni elektron hamyon orqali toʻlash imkoniyati yaratiladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab, yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarda elektron toʻlovlarni qabul qiluvchi maxsus QR-kod mavjud boʻlishi chakana savdo qoidalarining majburiy talabi etib belgilanadi. Raqamli platformadagi pul aylanmalari toʻgʻrisidagi maʼlumot kredit ajratishda inobatga olinadi.

Prezidentimiz bu takliflarni maʼqullab, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi.

Yashirin iqtisodiyot boʻyicha taqdimot

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 11 avgust kuni yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Avvallari biznesga yuqori maʼmuriy bosim va aralashuv boʻlgani uchun koʻpchilik oshkora ishlashdan xavfsirar edi. Soʻnggi yillarda soliq yukini kamaytirish, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha koʻp ish qilindi. Soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaydi, 100 dan ortiq turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor boʻldi.

Bularning natijasida, kuzatilmayotgan iqtisodiyot ulushi 2019 yildagi 45-50 foizdan hozirda 35 foizga tushdi. Lekin hali buni yanada kamaytirish zarur.

Taqdimotda shu boradagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mutasaddilar yashirin iqtisodiyotga sabab boʻlayotgan omillar va ularni bartaraf etish choralari boʻyicha axborot berdi.

Bunda eng samarali yoʻl ilgʻor texnologiyalar asosida yangicha yondashuvlarni joriy qilish ekani taʼkidlandi. Masalan, Toshkent shahrida jamoat transporti toʻliq avtomatlashgan toʻlovga oʻtkazilgani natijasida, aslida, yoʻlovchilar soni 30 foizga koʻp ekani koʻringan. Yoki raqamlashtirilgan dehqon va buyum bozorlarida tushum 2-3 karra oshayapti.

Shunday tizimni qishloq xoʻjaligi, qurilish, transport, savdo va xizmatlar kabi yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori boʻlgan sohalarda ham joriy qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Litsenziya va ruxsatnoma berish jarayonlari hamda muddatlarini qayta koʻrib chiqib, inson omilini keskin qisqartirish va barcha qadamlarni toʻliq raqamlashtirish vazifasi qoʻyildi. Tadbirkorlar koʻp duch keladigan soliq, bank, bojxona, kommunal, sertifikatlash kabi sohalarda korrupsiyaga yoʻl ochayotgan omillarga chek qoʻyish zarurligi aytildi.

Elektron toʻlovlar rivojlangani odamlarga keng qulaylik yaratmoqda. Bu yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda ham maqbul vosita. Buning uchun naqdsiz hisob-kitoblarni ragʻbatlantirish, toʻlov tizimi operatorlarini koʻpaytirish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari faqat nazoratni kuchaytirish bilan yashirin iqtisodiyotni jilovlab boʻlmasligini, aholi va tadbirkorlarning soliq madaniyatini oshirib, toʻgʻri ishlaganlarni ragʻbatlantirish yoʻlidan borish kerakligini taʼkidladi.

Har bir soha boʻyicha alohida yondashuv qilib, tadbirkorlarga ochiq va qonuniy ishlashni manfaatli qilish vazifasi qoʻyildi. Shundan kelib chiqib, soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va raqamlashtirish, biznesga qoʻshimcha yengilliklar berish, mehnat munosabatlarini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Oʻz navbatida, soliq madaniyati butun jamiyat ishiga aylanishi zarur. Xalqimiz hamisha qadrlagan halollik fazilati pirovard natijada barcha sohalarda fayzu baraka va farovonlik olib keladi. Bu gʻoyalarni aholi orasida targʻib qilib, keng qaror topdirish muhimligi qayd etildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid