Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimi rivojlantiriladi
Unda nogiron va zoʻravonlikdan jabr koʻrganlar, yetimlar va ota-ona qaramogʻidan mahrum shaxslar huquqlari ham koʻzda tutilgan.

Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimi takomillashtirish boʻyicha prezident farmoni eʼlon qilindi.
Unga koʻra, byudjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizidan oshiq korxonalarda ayrim toifa shaxslardan majburiy zaxiralar shakllantiriladi.
Gap nima haqida?
Farmon mehnat munosabatlarini tartibga soladi va ish beruvchilarni qoʻshimcha ragʻbatlantirishni nazarda tutadi.
2025 yil 1 noyabrdan xoʻjalik yurituvchi subʼektlar nogiron va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan shaxslar, yetimlar va ota-ona qaramogʻidan mahrum shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantiriladi.
Bunda majburiy miqdor umumiy 3 foizdan oshmasligi va xodimlari soni 100 kishidan ortiq korxonalarga nisbatan qoʻllaniladi.
Byudjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizidan oshiq korxonalarda faqat nogironlar, qamalib chiqqanlar, yetim shaxslar va boshqalar uchun majburiy ish oʻrinlari zaxiralarini shakllantiradi. Bunda zaxira umumiy ishchilar sonining yetti foizidan oshmasligi kerak. Xodimlari soni 20 nafardan oshiq tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Kamballikni qisqartirish vazirligi tomonidan kasbga oʻqitish uch bosqichli tizim (videodarsliklar, kasbga oʻqitish va malaka oshirish) tizimga oʻtkaziladi.
Hujjatga koʻra, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab 50 nafargacha xodimi boʻlgan xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi va qurilish sohasida faoliyat koʻrsatuvchi xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) orqali elektron mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishni rasmiylashtirish huquqi beriladi.
2025 yil 1 avgustdan boshlab davlat mehnat inspektorlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlar boʻyicha vakolatli organni xabardor qilish tartibi bekor qilindi.
2025 yil 1 oktabrdan boshlab norasmiy bandlikka yoʻl qoʻygan ish beruvchilarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytiriladi.
Mehnat munosabatlarida boshqa yangiliklar
Avvalroq mazkur farmon boʻyicha boshqa yangiliklar taqdim etilgandi. Jumladan, boʻsh ish oʻrinlari haqida majburiy hisobot berish bekor qilinadi.
Shuningdek, 2025 yil 1 noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga toʻlanadi.