Markaziy Osiyo qurgʻoqchilik va yogʻingarchilikka tezroq moslashishi kerak
Mintaqada iqlim oʻzgarishidan jiddiy jabr koʻrayotgan qishloq xoʻjaligi va suv taʼminoti katta xavf ostida qolishi kutilyapti.

Ekologiya va iqlim yomonlashuvi avvallari faqat tor doira mutaxasislarini bezovta qilgan boʻlsa, ayni kunlarda anomal issiq-sovuqlar, suv yetishmasligi muammolari oʻtkirlashib, barcha aholi bu masalaga jiddiy qarashga majbur boʻlyapti. Ekin maydonlari sifatining yomonlashuvi, shoʻrxaklashuv, choʻllanish va tabiiy ofatlarning koʻpayishi esa insoniyatning tabiatda tur sifatida saqlanib qolishiga tahdid solyapti.
Barqaror taraqqiyot – hayot-mamot masalasi
Bugun yuzaga kelgan vaziyatda BMTning barqaror rivojlanish talablari yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Sanoat taraqqiyoti va koʻproq iqtisodiy yutuqlar va moliyaviy daromad ortidan quvib, oʻz kelajagimizni, yaʼni avlodlarimiz hayotini xavf ostiga qoʻyishimiz mumkinligini anglab yeta boshladik.
Shu bois, Oʻzbekiston prezidenti Markaziy Osiyo – Xitoy ikkinchi sammitidagi nutqida Yer yuzida, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim oʻzgarishi muammolariga eʼtibor qaratgani ham mantiqiy uzviylikka ega. Zero mintaqa mamlakatlarining barqaror taraqqiyotiga jiddiy tahdidlardan biri – bu iqlim oʻzgarishlari oqibatlaridir. Davlatimiz rahbari choʻllanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, qurgʻoqchil va choʻl hududlarda bioekologik barqarorlikni oshirish sohasida muloqot va sheriklik uchun bizning formatda Ekologik alyansni tuzishni taklif etdi.
Ekologik alyansdan kutilayotgan natijalar
Ekologik alyansni tuzish taklifi Oʻzbekistonning “yashil” rivojlanish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻlishi kutilmoqda. Bu boradagi saʼy-harakatlar choʻllanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni “sogʻlomlashtirish”, qurgʻoqchil va choʻl hududlarda bioekologik barqarorlikni oshirish sohasida muloqot va sheriklik uchun bunday alyans mintaqa davlatlarining ekologik muammolarni hal etishdagi saʼy-harakatlarini birlashtirishga, ilgʻor tajribalarni almashishga va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Xitoyning “yashil” rivojlanishdagi muvaffaqiyat omillari
Biror-bir oʻzgarish yasash uchun “Amerikani qayta ochmasdan”, tayyor va sinovdan oʻtgan modellarni qoʻllash ancha samarali boʻlishi tabiiy. “Yashil” rivojlanish sohasida esa Xitoy modelini qabul qilish maqbul koʻrilmoqda. Chunki bu mamlakat soʻnggi yillarda bu borada katta yutuqlarga erishdi.
Xitoy hukumati “yashil” rivojlanishni milliy siyosat darajasiga koʻtardi va bu borada aniq maqsad va vazifalarni belgilab oldi. Bu yerda “yashil” texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga katta sarmoya kiritilmoqda. “Yashil” texnologiyalar sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlash orqali innovatsiyalarni ragʻbatlantirayotgani ham sohada muvaffaqiyatlarga erishish imkonini beryapti. Shu bilan birga, Xitoyda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qonunchilik bazasi takomillashtirildi va ekologik talablarni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. “Yashil” rivojlanish sohasida boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilinayotgani ham oʻz samarasini bermoqda.
Xitoyning ilgʻor tajribasini Oʻzbekistonda, kerak boʻlsa, butun mintaqada hayotga keng tatbiq etish ekologik xatarlarni kamaytirish, “yashil” kun tartibi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi chora-tadbirlar samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Bu jarayonda 2030 yilgacha moʻljallangan “Yashil” rivojlanish dasturini qabul qilish va uni amalga oshirishga imkon qadar tezroq kirishish oʻta muhim vazifaga aylandi.
Harorat yil sayin koʻtarilib boradi
Bir narsani unutmaslik kerakki, zarur choralarni koʻrmasdan, mintaqamizdagi iqlim oʻzgarishi va suv tanqisligi bilan bogʻliq muammolarni hal qilishning deyarli imkoni yoʻq. Zero, Markaziy Osiyoda harorat yildan yilga koʻtarilib boryapti.
Jahon meteorologiya tashkiloti “2025-2029 yillar uchun iqlim istiqboli” uzoq muddatli prognozini eʼlon qildi. Ushbu hisobotga koʻra, Markaziy Osiyoda harorat dunyoning boshqa joylariga solishtirganda ham kuchliroq tarzda koʻtarilib bormoqda. Mintaqa mamlakatlari zudlik bilan qurgʻoqchilik, muzliklarning shiddat bilan erishi va beqaror yogʻingarchiliklar sharoitiga moslashishlari lozim, aks holda suv taʼminoti, qishloq xoʻjaligi va energetika bilan bogʻliq tahdidlar yanada kuchayadi.
2024 yil tarixdagi eng issiq yil sifatida qayd etildi – harorat +1.55°C ga koʻtarildi. Shuningdek, joriy yil mart oyida Markaziy Osiyoni kutilmagan issiqlik toʻlqini qopladi. Iqlim oʻzgarishi va ekstremal ob-havo hodisalarini oʻrganadigan olimlar ittifoqi World Weather Attribution tadqiqotiga koʻra, mart oyi davomida havo harorati sanoat davrigacha boʻlgan oʻrtacha koʻrsatkichdan 10 daraja yuqori boʻlgan. Guruhning taʼkidlashicha, iqlim oʻzgarishi issiqlik toʻlqinini taxminan 4 darajaga oshirgan. Bu esa mintaqada allaqachon iqlim oʻzgarishidan jiddiy jabr koʻrayotgan qishloq xoʻjaligi va suv taʼminotini xavf ostiga qoʻyishi mumkinligidan ogohlantirish bildirilgan edi.
Jahon meteorologiya tashkilotiga koʻra, 2025-2029 yillar davomida har bir yil 1991-2020 yillar normasidan issiqroq boʻlishi mumkin. Global harorat baʼzi yillarda sanoatgacha boʻlgan davrga nisbatan solishtirganda +1.5°C dan koʻtarilib ketish ehtimoli bor.
Suv manbalari xavf ostida
Haroratning ortib borishi faqat yashash va xoʻjalik faoliyati uchun muammo tugʻdirmaydi, u suv tanqisligiga ham sabab boʻladi. Masalan, iqlim isishining kuchayishi tufayli mintaqadagi eng yirik suv zaxirasi – Tojikistondagi Fedchenko muzligining 40 foizi, Qirgʻizistondagi asriy muzliklarning 30 foizi bevaqt erib ketgan. Ayni holat Qirgʻiziston va Tojikiston kabi iqtisodiyoti gidroelektrostansiyalarga bogʻliq mamlakatlar uchun katta muammo tugʻdiradi. Odatda may-sentabr oylarida mintaqaning aksar hududida yogʻingarchilik kuzatilmaydi, bundan buyogʻiga esa Jahon meteorologiya tashkiloti yoz oylaridagi vaziyatning normadan yuqori boʻlish ehtimoli 82 foizni tashkil etishi mumkinligidan ogohlantiryapti. Bu esa yozda yogʻingarchilik, keyin esa qurgʻoqchilik roʻy beradi deganidir.
Yolgʻiz otning changi chiqmas...
Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishining taʼsirini eng koʻp his qilayotgan hududlardan biri hisoblanadi. BMT maʼlumotlariga koʻra, suv taqchilligi ushbu mintaqa iqtisodiy rivojlanishiga toʻsiq boʻlyapti.
Orol dengizining qurishi, muzliklarning erishi, suv tanqisligi, choʻllanish va ekstremal havo hodisalarining koʻpayishi mintaqaning barqaror rivojlanishiga jiddiy tahdid solmoqda. Bu muammolar iqtisodiyot, ijtimoiy hayot va ekologiyaga salbiy taʼsir koʻrsatib, Markaziy Osiyo davlatlaridan zudlik bilan choralar koʻrishni talab etadi. Bu vaziyatda faqat bir davlatning intilishlari befoyda boʻlishi aniq. Chunki tabiatimiz va atmosferamizda chegara yoʻq.
Shu sababli, Markaziy Osiyo davlatlari iqlim oʻzgarishining taʼsirini kamaytirish va barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun birgalikda qator choralarni koʻrishi kerak.
Biroq oldinda qilinishi zarur boʻlgan ishlar juda koʻp. Suvdan samarali foydalanish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sugʻorish tizimlarini modernizatsiya qilish va suv xoʻjaligini boshqarishning innovatsion usullarini qoʻllash zarur. Shuningdek, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish lozim.
Choʻllanishga qarshi kurashish uchun daraxt ekish, yerlarni tiklash, oʻrmonlarni koʻpaytirish va yerdan foydalanishning barqaror usullarini joriy etish maqsadga muvofiq. Energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish orqali issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish mumkin. Bu quyosh, shamol, gidroenergiya va biomassadan foydalanishni ragʻbatlantirishni oʻz ichiga oladi. Qishloq xoʻjaligida iqlimga moslashuvchan usullarni qoʻllash, kam suv talab qiladigan ekinlarni yetishtirish, yerlarni muhofaza qilish va organik dehqonchilikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va sotishning samarali tizimlarini yaratishga ehtiyoj sezilmoqda.
Aholini iqlim oʻzgarishining oqibatlariga tayyorlash, ekstremal havo hodisalariga qarshi kurashish, suv toshqinlaridan himoyalanish va qurgʻoqchilikka qarshi choralar koʻrish eng ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Kelajak umidbaxsh emas
BMTning Sahrolashishga qarshi konvensiyasiga koʻra, choʻl va yarim choʻl mintaqalardagi ahvol hozirgidek davom etsa, 2030 yilga borib, dunyoda 24 milliondan 700 milliongacha odam oʻz uy-joylarini tashlab, boshqa yashaydigan joy izlashga majbur boʻlishadi.
Markaziy Osiyoda ham bunday muammo kuchaysa, hozirda gavjum va farovon hududlar boʻshab qoladi. Odamlar ekologik migratsiyaga majbur boʻladi. Qulayroq va iqlimi yumshoq, suv tanqis boʻlmagan hududlarga koʻchib oʻta boshlaydi. Ammo hali bunga biroz vaqt bor. Demak, biroz imkonimiz bor. Asosiy vazifamiz shu imkoniyatni qoʻldan boy bermaslik boʻladi. Zero hozir “dovga” faqat bugunimiz emas, kelajagimiz ham tikilgan. Insoniyatning omon qolish orzusi tikilgan...
Abulfayz Sayidasqarov