platina.uz
Iqtisod

92 benzin arzonlagani yoʻq

Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, deganlaridek, birjadagi oldi-sotdilar benzin narxi oshganini koʻrsatmoqda.

92 benzin arzonlagani yoʻq

Birjadagi oxirgi savdolarda 92 benzin narxi tonnasiga 278,5 ming soʻmga qimmatlab, 13,3 mln soʻmdan oshgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning aytishicha, bu mutlaqo yangi rekord (avvalgi rekord 2 kun oldin oʻrnatilgan edi).

"92 shiptir avgust oyi boshidan buyon 4,7%ga qimmatlagan. 92 benzin narxi ochiq eʼlon qilina boshlagan 2024 yil 4 noyabrdan buyon narxlar 12,6%ga oshgan. Maʼlumot uchun bu davrda brent tipidagi oliy navli neft narxi 22,4%ga arzonlagan, dollar kursi deyarli oʻzgarmagan. Davom etaveringlar-chi", deb yozgan bloger.

Avvalroq "Oʻzbekneftgaz" 92 markali benzin narxi tushirilgani haqida bong urgandi. Otabek Bakirov esa aksincha ular aldaganini fosh qilgan.

"Monopolist "Oʻzbekneftgaz" AI-92 benzinning 1 tonnasi boshlangʻich narxi birinchi bosqichda 12 mln 881 ming soʻmdan 12 mln 628 ming soʻmga tushirilganini eʼlon qilmoqda.

Ziyrak boʻlmagan oʻquvchi bunaqa xabarlarga darrov laqqa tushadi, ziyrak oʻquvchini qoʻya turing, kap-katta nashrlar monopolist relizi qanday boʻlsa, shundayligicha koʻchirib bosa boshlaydi.

Gap shundaki, Oʻzbekneftegaz birjaga chiqarilayotgan AI-92 benzin narxini tushirmadi, kompaniyaning avvalgi xabari bilan solishtirilsa, benzin narxini oshirdi", deb yozgan Bakirov.

Uning eslatishicha, 2024 yil 18 oktabr kuni "Oʻzbekneftegaz" 92 benzini 11 538,4 ming soʻmdan sotilishini eʼlon qilgan. Oʻtgan 9 oyda monopolist birjaga chiqarilayotgan 92 benzin narxi oʻzgargani borasida boshqa maʼlumot bermagan.

"Boshqacha aytganda, "Oʻzbekneftgaz" AI-92 benzin narxini kompaniya oʻzi eʼlon qilgan rasmiy xabarlarga tayansak, 11 538,4 ming soʻmdan 12 628 ming soʻmgacha, yaʼni 9,4%ga oshiryapti. Maʼlumot uchun, 2024 yil oktabrdan 2025 yil avgustgacha davrda brent tipidagi neft narxi oʻrtacha 82 dollardan 67 dollargacha pasaygan. "Oʻzbekneftgaz" Oruellni uyaltirib qizartiradigan choʻpchaklarni toʻqishi birinchi marta emas. Oʻtgan yil oxirida oliy darajadagi prezentatsiyada ham tinimsiz tushib borayotgan gaz qazib olishni oshirilayotgandek namoyon etishgandi. Oʻzi hadeb Oruellga havola qilaverishimiz bechora Oruellga nisbatan adolatsizlik boʻladi, energoshogirdlar Oruellni oʻqimagan, bunaqa antiqa usullarni hurmatli energoustozlardan olgan, oʻrgangan va tadbiq etgan ham boʻlishi mumkin-ku", degan bloger.

Shuningdek, turli kanallarda 1 litr 92 benzin 9400 soʻmdan sotilayotgani, buni hatto "Oʻzbekneftgaz"ning oʻzi ham tasdiqlagani ancha shubhali koʻringan. Bunday chalgʻituvchi piarga Antimonopoliya qoʻmitasi hozircha munosabat bermagan.

Otabek Bakirovning tushuntirishicha, 1 tonna 92 benzinni litrga oʻtkazish uchun 0,730-0,750 koeffitsiyent qoʻllaniladi ("Oʻzbekneftgaz" 0,744 qoʻllagan). Lekin benzin birjada litrlab emas, tonnalab sotiladi.

Ikkinchidan, birjaga qoʻyilgan hajmni egallash uchun talabgorlar kurashadi va narx oshadi. Spred paydo boʻladi. Eng yaxshi holatda 5%gacha (bu hisobga defitsit paytida yuzaga keladigan korrupsion xarajatlar kirmaydi). Bu spred ham "Oʻzbekneftgaz" choʻntagiga tushadi.

Uchinchidan, yutib olingan benzinni bazadan zapravka yoki omborgacha tashib keltirish kerak. Transport xarajatlari qoʻshiladi.

Toʻrtinchidan, har bir litr benzin uchun isteʼmol soligʻi 471 soʻm (yoki tonnasiga 621 ming soʻm) yakuniy isteʼmolchi soligʻi oʻtiradi.

"Beshinchidan, zapravka ham hayriya tashkiloti emas, amortizatsiyasi, ishchisi, krediti va albatta, foydasi bor, ustiga marjasini qoʻyadi. Eng yaxshi holatda 5% mindirgandayam, 92 benzinni 10 600 soʻmdan sotishi kerak boʻladi (masalan, yashirincha xususiylashtirilgan sobiq UNG Petro shoxobchalarida 92 benzin 10 700 soʻm).

Shunday ekan, toʻgʻrisini, borini va toʻliq gapirish kerak. Oʻzbekistonliklarni “aldagani yosh bola yaxshi” qabilida laqillatishga hech boʻlmaganda uyalish kerak", deb yozgan Bakirov.

"Oʻzbekneftgaz" va Antimonopoliya qoʻmitasi hozircha ushbu holatlarga izoh berganicha yoʻq.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid