platina.uz
Jahon

Tramp Putin bilan Alyaskada uchrashishini eʼlon qildi

Uzoq kutilgan uchrashuvda Ukraina muammosi boʻyicha kelishuv boʻlishi haqida farazlar yangramoqda. 

Tramp Putin bilan Alyaskada uchrashishini eʼlon qildi

AQSh prezidenti Donald Trampning aytishicha, uning Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuvi 15 avgust kuni Alyaska shtatida boʻlib oʻtadi.

Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov mazkur maʼlumotni tasdiqladi.

Gap nima haqida?

Tramp prezidentlikka kelgach, Ukraina masalasini hal etishga faol harakat qila boshladi. U olti marta Putin bilan telefon muloqoti oʻtkazdi. Ammo soʻnggi paytlarda muzokaralar boshi berk koʻchaga kirib qoldi. Shundan soʻng, Tramp Putinga 8 avgustgacha muhlat berdi.

6 avgust kuni Trampning vakili Stiv Uitkoff Moskvaga borgach, uchrashuv haqida real gaplar yangray boshladi.

Putinning yordamchisi Ushakovga koʻra, davlat rahbarlari Rossiya-Ukraina mojarosini tartibga solish variantlarini muhokama qiladi.

"Rossiya va AQSh yaqin qoʻshnilar, ular bir-biri bilan chegaradosh. Va bizning delegatsiyamizning shunchaki Bering boʻgʻozi orqali uchib oʻtishi va ikki davlat rahbarlarining Alyaskada boʻlib oʻtadigan shunday muhim va kutilgan sammiti uchun juda mantiqiy koʻrinadi", — dedi Yuriy Ushakov jurnalistlarga (TASS iqtibosi).

Prezident yordamchisi qoʻshimcha qilganidek, Rossiya va AQShning iqtisodiy manfaatlari Alyaska va Arktikada kesishadi. “Ammo, shubhasiz, prezidentlarning oʻzlari Ukraina inqirozini uzoq muddatli tinch yoʻl bilan hal etish variantlarini muhokama qilishga eʼtibor qaratadilar”, — dedi u. Ushakovning soʻzlariga koʻra, Moskva va Vashington yaqin kunlarni “uchrashuv parametrlarini faol va jadal ishlab chiqishga” bagʻishlaydi.

Kreml, shuningdek, Vladimir Putin va Donald Trampning ehtimoliy ikkinchi uchrashuvini ham maʼlum qildi. Ular uni Rossiya hududida oʻtkazmoqchi. Yuriy Ushakovning aytishicha, Moskva allaqachon Vashingtonga taklifnoma yuborgan.

Donald Tramp AQSh Rossiya va Ukrainaga ayrim hududlarni almashishni taklif qilayotganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, yaqin oylarda tinchlik shartnomasi imzolanishi mumkin.

Zelenskiy qatnashadimi?

Putin va Tramp uchrashuvida Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyning ishtiroki ham koʻp gapirib kelinadi. Ammo Tramp oʻz bayonotida Zelenskiyni tilga olmagan. Demak, uchrashuv katta ehtimol bilan Zelenskiysiz oʻtadi.

Ukraina rahbarining oʻzi esa anchadan buyon Putinga yuzma-yuz uchrashuv taklif qilib kelmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid