platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston va Rossiya maxsus xizmatlari 9 kishini qoʻlga oldi

Ular turli joylardan kelgan mehnat muhojirlarini taqiqlangan tashkilot safiga qoʻshishda faol ishtirok etgan. 

Oʻzbekiston va Rossiya maxsus xizmatlari 9 kishini qoʻlga oldi

DXX Oʻzbekiston va Rossiya maxsus xizmatlari hamkorlikda 9 nafar xalqaro terrorchilik tashkilot aʼzolarini qoʻlga olganini maʼlum qildi.

Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda oʻtkazilgan faol tadbirlar natijasida Rossiya Federatsiyasida 7 nafar va Oʻzbekiston hududida 2 nafar xalqaro terrorchilik tashkilot aʼzolari qoʻlga olingan.

Gap nima haqida?

Aytilishicha, mazkur shaxslar Rossiya Federatsiyasi hududida boʻlgan vaqtida diniy ekstremistik oqim taʼsiriga tushib, xalqaro terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etgan.

Ular saflarini turli davlatlardan kelgan mehnat muhojirlarini yollash hisobidan kengaytirish bilan shugʻullangan.

Ular yashirin yigʻilish tashkil etib, Telegram messenjeri orqali videokonferensiya yoʻli bilan “umumjahon xalifaligi” deb ataluvchi doktrina asosida tizimli oʻqitish va terrorchilik tashkilotiga jalb qilish ishlari amalga oshirilgan. Ularning bu faoliyati horijdagi gʻoyaviy maslakdoshlari tomonidan muvofiqlashtirib borilgan.

Toʻplangan materiallar asosida Rossiya Tergov qoʻmitasi tomonidan ularga nisbatan terroristik tashkilot faoliyatini tashkil etish va unda ishtirok etish boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Shuningdek, DXX tomonidan Qashqadaryo viloyatida oʻtkazilgan faol tadbirlar natijasida aynan shu jamoatning yana 2 nafar aʼzosi qoʻlga olindi.

Aniqlanishicha, bu shaxslar ham Rossiyadagi yashirish jamoat aʼzolari tomonidan telegram messenjerida tashkil etilgan virtual guruhlarga aʼzo boʻlib, XTT ning aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan va amaldagi siyosiy tuzumni konstitutsiyaga zid ravishda oʻzgartirishni targʻib qiluvchi materiallarini tarqatib kelgan.

Shuningdek, ularning yashash xonadonlari koʻzdan kechirilganda, 4 ta uyali aloqa vositasi, 3 dona ekstremistlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan adabiyotlar, 2 ta flesh xotira va 1 ta horijiy davlatga tegishli boʻlgan sim karta daliliy ashyolar sifatida olindi hamda ekspertizadan oʻtkazish uchun tegishli tashkilotlarga yuborildi.

Hozirda hibsga olingan shaxslarga nisbatan tergov va tergovga qadar harakatlar olib borilmoqda.

Boshqa holatlar

Avvalroq DXX Toshkentda noqonuniy diniy taʼlim berish holatlari aniqlangani haqida xabar bergandi.

Bundan tashqari, Buvaydalik fuqaro esa yashash xonadoni va oʻziga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasida bosmaxona tashkil qilib, diniy mazmundagi kitoblarni chop etish bilan shugʻullangani ham aniqlangan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid