platina.uz
Jahon

Venesuela prezidenti haqida maʼlumot berganlarga 50 million dollar vaʼda qilinmoqda

AQSh Janubiy Amerikadagi "birinchi raqamli dushmani"ni qamoqqa tiqish uchun katta pul toʻlashga tayyor. Bu marhum Usama bin Lodinga atalgan mablagʻdan ham koʻp. 

Venesuela prezidenti haqida maʼlumot berganlarga 50 million dollar vaʼda qilinmoqda

Qoʻshma Shtatlar Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olishga yordam beradigan maʼlumot uchun mukofot miqdorini ikki barobar oshirdi. Endi mukofot 50 million dollarni tashkil etadi, dedi AQSh bosh prokurori Pem Bondi oʻzining X tarmogʻidagi sahifasida.

Uning taʼkidlashicha, Maduro Qoʻshma Shtatlarga halokatli giyohvand moddalar va "zoʻravonlik" olib kelish uchun "xorijiy terroristik tashkilotlar"dan foydalanadi.

Gap nima haqida?

2013 yildan buyon hokimiyat tepasida qolayotgan Nikolas Maduro davrida Venesuela misli koʻrilmagan inqiroz yoqasida qoldi. Neft zaxiralari boʻyicha arab davlatlarini ham ortda qoldiruvchi mamlakatda aholining katta qismi qashshoqlikda yashaydi. Bundan tashqari Venesuela AQSh sanksiyalariga duchor boʻlgan. AQSh va Yevropa rasman Maduro hokimiyatini tan olmaydi

"Maduro dunyodagi eng yirik giyohvand moddalar savdogarlaridan biri va milliy xavfsizligimizga tahdid solmoqda. Shuning uchun biz Maduroni ushlashga yordam beradigan maʼlumot uchun mukofotni ikki baravar oshiramiz", - dedi Bondi.

Venesuela tashqi ishlar vaziri Ivan Xil AQShning ushbu qarori "tomosha va ichki muammolardan chalgʻitish" deya tarifladi.

Associated Press agentligining eslatishicha, 2020 yilda, yaʼni prezident Donald Trampning birinchi muddatida Qoʻshma Shtatlar Maduroni narkotik-terrorizmda va kokain import qilish uchun fitna uyushtirganlikda ayblagan. Ular Venesuela prezidentini javobgarlikka tortadigan maʼlumot uchun 15 million dollar taklif qilishgan. Keyin bu mablagʻ 25 million dollarga koʻtarildi — 2001 yil 11 sentabrdagi xurujlardan keyin "Al-Qoida" yetakchisi Usama bin Lodinni qoʻlga olish uchun shuncha pul taklif etilgandi.

Venesuela inqirozi

Maduro 2013 yilda, oʻzidan oldingi prezident Ugo Chaves vafotidan soʻng Venesuela prezidenti boʻldi. 2024 yilda Tramp Venesueladagi norozilik namoyishlari fonida muxolifat kuchlarini himoya qilib chiqdi va saylovda Edmundo Gonsalesni mamlakatning saylangan prezidenti deb atadi. Shunga oʻxshash ssenariy 2019 yilda ham kuzatilgan, AQSh qoʻllagan Xuan Guaydo oʻzini prezident deya eʼlon qilib, mamlakatda qoʻshhokimiyatchilik yuzaga kelgandi.

Tramp qayta saylangach, Venesuela neftini qazib olish va yetkazib berish ruxsatini bekor qildi va venesuelalik muhojirlarni, jumladan, jinoiy toʻdalar aʼzolarini ommaviy ravishda chiqarib yuborishni boshladi.

Venesuela rahbari Trampning saylovdagi gʻalabasidan soʻng uni ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni “hurmat, sogʻlom fikrli muloqot va oʻzaro tushunish” asosida qurishga chaqirgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid