platina.uz
Siyosat

Toshkentdagi chiroq oʻchishlar boʻyicha prezidentga axborot berildi

46 ta podstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama bilan ishlayapti. Yil boshidan beri elektr isteʼmolchilari 40 mingtaga koʻpayib, talab 6 foiz oʻsgan.

Toshkentdagi chiroq oʻchishlar boʻyicha prezidentga axborot berildi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga poytaxtdagi chiroq oʻchishlari haqida maʼlumot berildi.

Poytaxtida aholi soni ham, bunyodkorlik koʻlami ham oshib bormoqda. Bir yil ichida 12 mingta yangi quvvat, savdo va servis majmualari ishga tushdi. Odamlarning turmush tarzi yaxshilanib, maishiy texnikalardan foydalanish koʻpayyapti.

Gap nima haqida?

Iyul oyida Oʻzbekistonda anomal issiq kuzatildi. Natijada elektrga talab oshdi, Toshkentda chiroq oʻchish holatlari koʻpaydi.

Bularning barchasi energiyaga talabni oshiradi. Shuni hisobga olib, oxirgi ikki yilda Toshkentda elektr taʼminotini yaxshilash uchun 2 trillion 800 milliard soʻm yoʻnaltirilgan. 36 ta podstansiya, 665 ta transformator, 2 ming kilometrdan ziyod tarmoq yangilangan.

Lekin hali qilinadigan ishlar koʻp. 46 ta podstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama bilan ishlayapti. Yil boshidan beri poytaxtimizda elektr isteʼmolchilari yana 40 mingtaga koʻpaygan, talab 6 foiz oʻsgan.

Shu bilan birga, ilgari yozdagi jazirama kunlar davomiyligi bir haftadan oshmagan boʻlsa, bu yil 20 kungacha choʻzilgan. Oqibatda iyul oyida Toshkent shahrida isteʼmol miqdori 900 million kilovatt-soatdan oshgan.

Bu omillar modernizatsiya jarayonlarini izchil davom ettirishni talab qiladi. Taqdimotda energetika vaziri poytaxtimizdagi har bir tuman va mahallalar kesimida rejalarni bayon qildi.

Unga koʻra, bu yil birinchi bosqichda 374 kilometr tarmoq, 11 ta podstansiya, 62 ta transformatorni yangilash koʻzda tutilgan. Kelasi yil yana 788 kilometr tarmoq, 35 ta podstansiya va 145 ta transformator modernizatsiya qilinadi. Jumladan, mahallalardagi transformator va tarmoqlar taʼmirlanib, yangilari oʻrnatiladi.

Prezidentimiz kuz-qish mavsumiga oz fursat qolganiga eʼtibor qaratib, bu yilgi rejani 1 noyabrgacha yakunlash zarurligini taʼkidladi.

Soʻnggi yillarda barcha hududlarda generatsiya koʻpaytirib borilmoqda. Shu bilan birga, sanoat korxonalarini muqobil energiya tizimiga oʻtkazish choralari koʻrilmoqda. Xususan, 2027 yilgacha yirik korxonalar va turizm maskanlarida 752 megavattli quyosh stansiyasi hamda 812 megavattli saqlash quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Mutasaddilar atom energetikasi yoʻnalishidagi ishlar haqida ham axborot berdi.

Maʼlumki, yurtimizda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish boʻyicha ish olib borilmoqda. Boʻlajak stansiyaning har bir bosqichi – loyihalashtirishdan to bitgunga qadar Xalqaro atom energiyasi agentligining qatʼiy nazorati ostida boʻladi, eng ilgʻor xavfsizlik talablari tatbiq etiladi.

Prezident rejadagi inshootlarni sifat va muddatga amal qilgan holda ishga tushirib, barqaror energiya quvvatlarini yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Vazirlar Mahkamasiga energiya samaradorlikni oshirish masalasini har hafta muhokama qilib borish topshirildi.

Taʼkidlash kerakki, iyul oxirida elektr oʻchishlari sabab “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” boshligʻi va 11 nafar elektr korxonalari rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortilgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid