platina.uz
Siyosat

Putin Mirziyoyevga AQSh vakili bilan muzokara haqida maʼlumot berdi

Ushbu suhbat Tramp Rossiya prezidentiga bergan muddatning oxirgi kunida boʻlib oʻtdi.

Putin Mirziyoyevga AQSh vakili bilan muzokara haqida maʼlumot berdi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmatiga koʻra, unda ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

Gap nima haqida?

Putin Ukraina urushida kelishuvga erishish boʻyicha qaror qilishi kerak boʻlgan muhim pallada ushbu telefon muloqotini oʻtkazdi. Rossiya rahbari Oʻzbekiston prezidentiga 6 avgust kuni Moskva shahrida AQSh Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan oʻtkazilgan muzokaralarning asosiy natijalari haqida maʼlum qildi.

Shuningdek, Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.

Oʻzaro tovar ayirboshlash va investitsiya koʻrsatkichlarining oʻsish surʼatini taʼminlash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar darajasida sermahsul aloqalar, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston va Rossiya yetakchilari boʻlajak uchrashuv va tadbirlar rejasini ham koʻrib chiqdilar, deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, AQSh prezidenti Donald Tramp Putinga Ukrainadagi urushni toʻxtatish uchun bugun, 8 avgustgacha muddat bergandi.

Shavkat Mirziyoyev va xalqaro hayot

Putin bilan muloqotdan tashqari Oʻzbekiston prezidenti 4-6 avgust kunlari Turkmanistondagi konferensiyada qatnashib, dengizga chiqish imkoni boʻlmagan davlatlar taraqqiyoti boʻyicha muhim takliflarni ilgari surgandi. Shuningdek, BMT kotibi, Gruziya bosh vaziri va qator siyosiy arboblar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid