Hokimlik xodimlari uchun haq toʻlashning yangi tizimi joriy etiladi
Ustama, malaka toʻlovlari va bonus: xodimlarni ragʻbatlantirish ham tartibga solinmoqda.

Oʻzbekistonda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarini haq toʻlash va ragʻbatlantirishning yangi tizimi joriy etiladi.
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–129-son, 07.08.2025 y.) qabul qilindi.
Gap nima haqda?
Farmon mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini qamrab oladi. Farmonga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari boshqaruv xodimlari mehnatiga haq toʻlashning yangi tizimi joriy etiladi.
Bunda xodimlarning lavozim maoshi yagona tamoyil asosida mehnatga haq toʻlashning yangilangan tarif setkasi hamda koʻp yillik xizmati va lavozimini inobatga olgan holda tabaqalashgan tarif koeffitsiyentlari asosida shakllantiriladi.
Ragʻbatlantirish toʻlovlari boshqaruv xodimlari tomonidan erishilgan eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida har oylik ustama, malaka (martaba) darajalari uchun va hisobot davri yakunlari boʻyicha ragʻbatlantirish (bonus) toʻlovlari shaklida toʻlanadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari boshqaruv xodimlarining mehnatiga haq toʻlash faqat mazkur Farmonda belgilangan shartlarda amalga oshirilib, Farmonda koʻzda tutilmagan qoʻshimcha ustamalar, mukofotlar va boshqa toʻlovlar toʻlash taqiqlanadi.
2025 yil 1 avgustdan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
▪️ lavozim maoshi;
▪️ eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga (KPI) erishganligi uchun lavozim maoshiga har oylik ustamalar;
▪️ malaka (martaba) darajalari uchun toʻlovlar;
▪️ mukofotlash hamda bonus toʻlovlari.
Oʻzbekistonliklar va oylik maosh
Eslatib oʻtamiz, 2025 yil avgust oyidan Oʻzbekistonda byudjet tashkilotlarining oylik maoshlari 10 foizga koʻtarildi. Pensiyalar miqdori esa 1 iyuldan oʻzgargandi. Maoshning oshishi boshqa toʻlovlar, jumladan jarimalarga ham taʼsir qildi. Chunki jarimalar miqdori BHMga bogʻlab qoʻyilgan.