"Bunyodkor" stadioni Jennifer Lopes konsertidan jiddiy zarar koʻrdi
Stadionning chimiga katta xarajat qilingani va u konsert sabab yaroqsiz holatga kelishi haqida fikrlar yangragandi. Aftidan, bu gaplar toʻgʻri boʻlib chiqdi.

7 avgust kuni Bunyodkor stadionida jahon yulduzi Jennifer Lopes konserti boʻlib oʻtdi. Ushbu dasturdan keyin stadion chimiga jiddiy zarar yetgan.
Gap nima haqida?
OAVga koʻra, maydonning holati ayni vaqtda juda yomon. Konsert uchun oʻrnatilgan konstruksiya, yaʼni Jennifer Lopes uchun tayyorlangan maxsus sahna stadionning bir qismini choʻktirgan. Bundan tashqari, stadiondagi poliv (sugʻorish) hamda drenaj (yomgʻir suvi va ortiqcha suvlarni chiqarib yuborish) sistemasiga jiddiy zarar yetkazilgan.
Yaqin kunlarda "Bunyodkor" stadionida chimni yangilash jarayoni boshlanishi bildirilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, avval stadion chimi uchun 1 million dollar atrofida mablagʻ ajratilgan. Albatta, konsert tashkilotchilari xarajatlar va stadionning koʻrgan zarari, uni kim qoplashi haqida savollarga javob berishganicha yoʻq. Ushbu stadion Toshkentning "Bunyodkor" jamoasi uy arenasi sanaladi, unda Oʻzbekiston termasi oʻyinlari, xalqaro musobaqalar oʻtkaziladi.
Jennifer Lopes va stadionlar
"Bunyodkor" Lopes bergan konsert natijasida zararlangan yagona stadion emas. Avvalroq Armaniston poytaxti Yerevandagi stadion ham xonanda konserti natijasida zarar koʻrgani haqida xabar berilgandi. Oʻzbekistonlik ayrim faollar ham mazkur holat Toshkentda kuzatilishi mumkinligi haqida bong urgandi.

Taʼkidlash kerakki, 10 avgustda Lopes Olmaotada konsert beradi. Ushbu dastur shahardagi Markaziy stadionda boʻlib oʻtadi.